Bugun Termiz shahrida joylashgan “Matbuot uyi” binosida “Yoshlar oyligi doirasida o‘tkaziladigan tadbir va loyihalar hamda yoshlar festivali haqida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ushbu matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi, Sport, Maktabgacha va maktab ta’limi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi mas’ullari ishtirok etib, “Yoshlar oyligi” to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Viloyatimizda 30-iyun – “Yoshlar kuni”ni keng nishonlash, yoshlarning muammolari, orzu-intilishlari hamda gʻoya va tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida iyun oyi “Yoshlar oyi” deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan joriy yilning 15-iyun kuni Termiz shahridagi San’at saroyi bog‘i hududida “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali va sayllari o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida viloyat hokimligi binosidan San’at saroyi bog‘igacha 10 ming nafar yosh ishtirokida yurish marafoni, shuningdek, San’at saroyi bog‘ida kun davomida “Zakovat” intellektual o‘yini, “Breyn-ring” musobaqasi, “Munozara” turniri, shaxmat-shashka, kubik-rubik musobaqalari, “Liboslar ko‘rgazmasi”, “Zukko kirobxon” tanlovlari tashkil etiladi.
Festival yakunida esa yurtimizning taniqli xonandalari ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tishi va shu bilan bir qatorda 16-iyun kuni Sho‘rchi va Denov tumanlarida, 17-iyun kuni Angor, Muzrabot hamda Boysun tumanlarida “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali va festival doirasida gala-konsert tashkil etilishi aytib o’tildi. Shuningdek, matbuot anjumani davomida takliflar tinglanib, atroflicha javob berildi.

Shu kunga qadar “Yoshlar oyligi” doirasida barcha tumanlarda yoshlar festivallari tashkil etilib, ushbu festival doirasida “Besh tashabbus” olimpiadasida doirasida o‘tkazilib kelinayotgan (Davlat xavfsizlik xizmati kubogining Nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan shashka-shaxmat hamda qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasida mini futbol hamda o‘g‘il bolalar o‘rtasida katta futbol sport musobaqasi) bir qancha tanlov hamda musobaqada g‘olib bo‘lgan yoshlarimiz taqdirlash marosimlari, reja asosida tumanlarda “Sektor rahbarlari va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilayotir.

Shuningdek, oylik bahonasida nogironligi bo‘lgan yoshlar holidan xabar olish, “Yoshlar sayohatda”, “Volontyorlar bilan davra suhbati” hamda sport musobaqalari yoshlarning vaqtini chog’ o’tkazish bilan birga katta sinov maydoni ham bo’ladi.
D.Mahmudova,
T.Aliqulov
(surat)