Milliy taomlar saylida…

Date:

Navro‘z-navro‘zday bo‘lishi uchun dasturxonda milliy taomlar badastir bo‘lsa, nur ustiga nur. San’at saroyida esa kayvoni onaxonlar-u chechalar sizni “Milliy taomlar sayli”ga taklif etadi. Bayramona bezatilgan dasturxonda noz-ne’matlar, sarxil taomlarning barchasini ko‘rishingiz mumkin. Nomlarini sanab amin bo‘lasizki, ular orasida bilganingizdan bilmaganingiz ko‘proq. Taomlarning ta’rifini eshitish bilan birga ta’tib ham ko‘rasiz.
Vohaning shoh taomi tandirgo‘sht tandirda hil-hil bo‘lib pishib, hidi dimog‘ingizni qitiqlaydi. Oshpaz Muzaffar Ishanqulov Jarqo‘rg‘ondan kelib, tillarda doston bo‘lgan tandirgo‘shtlaridan pishirgan.
— Har bir oshpazning tandirgo‘sht pishirishda o‘z siri bo‘ladi, — deydi “Jarqo‘rg‘on 1-tandiri” oilaviy korxonasi rahbari M.Ishanqulov. — Go‘shtni tandirga solib, ma’lum muddatdan keyin olganingizda mazali tandirgo‘sht tayyor bo‘ladi, desangiz adashasiz. Eng avvalo, tomingizga mehr berishingiz, qunt bilan pishirishingiz, obi-tobini o‘tkazib yubormasligingiz kerak.
Ushbu sayilda 5 ta qo‘ydan mazali tandirgo‘shtlar pishirilib, voha ahliga tortiq etildi. Qolaversa, sayilda har bir tumanning o‘ziga xos taomlarini uchratasiz, sherobodliklar taomlarining 60 ga yaqin turini sanasa, uzunliklar ham taomlar poygasida sherobodliklardan aslo qolishmaydi. Sariosiyoliklar tayyorlagan taomlarni sanab esa, adog‘iga yeta olmaysiz. Sumalak, halim, ko‘k somsa deysizmi, to‘ntarma-yu holvaning bir necha turlarimi, qovurma g‘elak, hasip, yupqa, g‘ilmindi-yu patirlar… xullas barcha milliy taomlarimiz sayil bahonasida yana yodga olindi, yana tayyorlandi. Momo-bobolarimizning bolaligini eslatib, bugungi kunga yetkazganiga shukronalar qilishga undadi. Jarayonni kuzatib turgan borki, beixtiyor mana shunday dorilomon kunlarda Navro‘zga yetkazganiga quvondi.
Bu taomlar mazali bo‘lish bilan birga foydali, immunitetni ko‘tarib, tanga kuch berishi, ilik uzildi paytida ayni zaruratdir. Navro‘z sayli sabab esa har birimiz qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz bilan yuzlashdik. Ahillik, birdamlik ila birlashdik. Milliy o‘yinlar tomoshasiga berilib, ajib navolar, kuy-qo‘shiqlar tanimizni yayratdi. Momo-bobolarimiz tanovul qilib kelgan foydali va mazali taomlar, shirinliklarni yana bir bor yodimizga soldi. Asrlar, yillar o‘tsa hamki, unutilmasdan, qadrlanib kelayotgan boqiy an’analarimiz, taomlarimiz bizgacha omon yetib kelgan ekan, demak oldimizdagi vazifamiz kelgusi avlodlarga-da bizga meros bo‘lib kelayotgan udumlarimizni bor bo‘yicha yetkazishdir. Navro‘z ayyomi esa bizga ana shu fursatni tortiq etganiga shukr.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Murojaatdan daromadga 5 qadam”

Hech kim muammosi bo‘lmasa, xalq qabuliga borib, ming bir...

Qariyalar uchun robot yaratildi

Yoshing keksayib qolganda, kimgadir muxtoj bo‘lishdan yomoni yo‘q. Tinib-tinchimas...

O‘g‘il onasini o‘ldirsa…

Ona deganda dunyodagi eng ulug‘ zor, eng yaqin va...

Viloyat hokimi Denovda

Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab,...
KunTun
KunTun