O‘zgartirishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida o‘tkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan xotin-qizlarning sonini ko‘paytirish va boshqalardan iborat. Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan bir qator qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.
Jumladan, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 75 ta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi, Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun O‘zbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi. Shuningdek, partiya ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin, ushbu ro‘yxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi.
Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek, partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan 9 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi (ilgari 15 nafar edi).
Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida 5 yil muddatga o‘tkaziladi. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan hududlar aholisi soniga qarab belgilanadi.
Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining 7 va undan ko‘proq foizini faqat bitta siyosiy partiya to‘plagan bo‘lsa, unda deputatlik o‘rinlari saylovda saylovchilarning eng ko‘p ovozini to‘plagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi. Markaziy saylov komissiyasi deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida bayonnoma tuzadi. Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar deputati fraksiya tuzish huquqiga ega (ilgari kamida 9 nafar edi).
O‘zbekistonda deputatlarni saylash tizimi o‘zgartirildi
Date: