Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularning bandligini ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasidagi masala sifatida e’tirof etiladi. Jumladan, bu borada amalga oshirilgan ishlar esa e’tirof etishga munosib. Ayniqsa, uyushmagan, “qizil” toifadagi yoshlar bilan ishlashning aniq va manzilli mexanizmi ishlab chiqilgani ko‘zlangan manzilga yetkazishga xizmat qilayotir. Bu borada prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 11-aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Yig‘ilishda yoshlar bandligini taʼminlash, sifatli taʼlim bilan qamrab olish va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etib, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda sogʻlom fikrlashlariga zamin yaratish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.
Ayni shu jihatlar inobatga olingan holda eʼtiborga muhtoj 50 nafardan yosh har bir mas’ul rahbarlarga biriktirilib, ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ish tashkil etish topshirigʻi berildi. Jumladan, Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Maraximovga ham Denov tumanidan 50 nafar “qizil” toifadagi imkoniyati cheklangan yosh biriktirildi. Universitet rektori va tashkil etilgan ishchi-guruh Denov tumanida boʻlib, doimiy ravishda “qizil” toifadagi imkoniyati cheklangan yoshlar bilan suhbatlashib, ularning muammolarini oʻrgandi.
Rektorga biriktirilgan yoshlar bilan oʻtkazilgan navbatdagi uchrashuvda yigit-qizlarning muammolari va ehtiyojlariga koʻra oʻzlari soʻragan 21 turdagi turli texnik jihozlar topshirildi. Denov tumanidagi “Yangi kuch” mahallasida istiqomat qiluvchi Narzulla Otamurodov II-guruh nogironi boʻlishiga qaramay mehnat qilib, oilasiga daromad keltirishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Narzullaga motokultivator olib kelishlari bilan u dalaga ishga tushib ketdi. U yoshligidan texnikaga qiziqqani bois boʻlsa kerak motokultivatorni boshqarishda hech qanday qiyinchilik sezmadi. Bugun Narzulla Otamurodov singari 50 nafar yigit-qizning-da quvonchi cheksiz. Endi ularning ham oʻz daromad manbai bor. Qolaversa, 1 nafar yosh bepul tayyorlov kursiga joylashtirilgan bo‘lsa, 5 nafari doimiy davolanish uchun zarur mablagʻ bilan taʼminlanadigan bo‘ldi.
Hilol