“Kitoblarni qutqaring”

Date:

Surxondaryo viloyatining madaniy hayotida alohida o‘rin egallab kelayotgan qo‘g‘irchoq teatri bugungi kunda ham o‘z an’analari va zamonaviy yondashuvlari uyg‘unligida faoliyat yuritib, yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qo‘shmoqda. Teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilayotgan asarlar nafaqat bolalar uchun qiziqarli tomosha, balki ularning ma’naviy-axloqiy kamolotini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim tarbiyaviy vosita sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda teatr repertuari mazmun jihatidan yanada boyib, har bir spektakl orqali bolalar qalbiga ezgu g‘oyalarni singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Pyesalar tanlovidan tortib, rejissyorlik yechimi, aktyorlik ijrosi va sahnaviy bezaklargacha bo‘lgan barcha jihatlarda puxta va ijodiy yondashuv kuzatilmoqda. Bu esa teatrning nafaqat madaniy, balki tarbiyaviy muassasa sifatidagi nufuzini yanada oshirmoqda.
Ana shunday ahamiyatli ijodiy ishlardan biri — “Kitoblarni qutqaring” spek-taklidir. Mazkur sahna asari bugungi axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan davrda bolalarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ma’naviy va intellektual jihatdan kamol toptirishdek dolzarb masalalarni o‘zida mujassam etgani bilan alohida e’tiborga loyiq.
Asar markazidagi bosh qahramon — Doston obrazi orqali bolalarga kitobning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyati ta’sirchan va o‘ylantiruvchi tarzda yetkaziladi. Qahramonning “kelajak bo‘limi”ga sayohati orqali kitobdan uzoqlashish qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi yorqin sahnalar orqali namoyon etilgan. Bu esa yosh tomoshabinni chuqur mushohadaga chorlab, ularni kitob bilan do‘stlashishga undaydi.
Spektaklda zamonaviy gadjetlar va mobil qurilmalar mavzusi ham o‘ta dolzarb tarzda yoritilgan. Shu bilan birga, axborot texnologiyalaridan oqilona va maqsadli foydalanish zarurligi, aks holda uning salbiy ta’sirlari bo‘lishi mumkinligi bolalarga sodda va tushunarli uslubda yetkazilgan. Kitob esa bilim va ma’rifat manbayi, insonni ezgulikka yetaklovchi asosiy vosita sifatida talqin etiladi.
Asar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shaodat Usmonova rejissyorligida, dramaturg Akbar Abdullayev asari asosida sahnaga olib chiqilgan. Rejissyorning zamonaviy va ta’sirchan talqini spektakl mazmunini boyitib, uni bolalar uchun jozibador va esda qolarli qilib taqdim etishga xizmat qilgan.
Spektaklning jamoatchilik ko‘rigida teatrshunoslar, soha mutaxassislari va ijodkorlar ishtirok etib, asar yuzasidan ijobiy fikr va takliflarini bildirdilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiyalar asosida spektakl yanada takomillashtirilib, keng jamoatchilikka namoyish etishga tavsiya etildi. Bu esa uning mazmunan puxta va sahnaviy jihatdan mukammal ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Spektakl ijrosida aktyorlarning mahorati alohida tahsinga sazovor va ular o‘z obrazlarini jonli hamda ishonarli tarzda namoyon etib, spektakl ta’sirchanligini yanada oshirgan. Ertakona muhitni yaratgan sahna bezaklari va mazmunga mos musiqa spektakl umumiy ruhiyatini mustahkamlab, tomoshabinni voqealar ichiga chorlaydi.
Eng muhimi, mazkur spektakl bolalarda kitobga mehr uyg‘otish, ularni mutolaaga rag‘batlantirish, axborot texnologi-yalaridan to‘g‘ri foydalanish madani-yatini shakllantirishga xizmat qiladi. “Kitoblarni qutqaring” spektakli nafaqat qiziqarli sahna asari, balki bolalar ma’naviy tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etuvchi, ularni kitob bilan do‘stlashtirishga qaratilgan dolzarb ijodiy ishdir. Bunday mazmundagi spektakllar yosh avlodni bilimli, fikrlaydigan va ma’rifatli insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

Hulkar JO‘RAYEVA,
“O‘zbekgidro-energo” AJ Matbuot xizmati bosh mutaxassisi, O‘zDSMI mustaqil tadqiqotchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Bolajonlar “Kitobxon kids”da bellashdi

Kitobxonlik yosh tanlamaydi — u barcha uchun birdek foydali...

“TalabaExpo–2026” — kasb tanlashda muhim maydon

Yoshlarni to‘g‘ri kasb tanlashga yo‘naltirish, ularning kelajak rejalari va...

Qamrovi oshmoqda

Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalarni erta yoshdan sifatli ta’lim...

Kikbokschilarimiz muvaffaqiyat qozondi

Yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning jismoniy tayyorgarligi va...
KunTun
KunTun