Inson hayoti davomida xato qilishi, adashishi, bilib va bilmay jinoyat botqog‘iga botishi mumkin. Shubhasizki, jinoyat uchun jazo muqarrar. Ammo, bu hayot tugadi, imkoniyatlar eshigi yopildi degani emas. Qonunlarimiz, biz qurgan jamiyat kechirimli, insoniylik tamoyillariga amal qiladi. Jazolar xatolarni anglash uchun, tushunib yetib, xulosa chiqarish uchundir. Ikkinchi imkon esa istagancha topiladi.

Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga asosan, vohamizda joriy yilning 20-noyabridan 20-dekabriga qadar “Probatsiya oyligi” o‘tkazilayotgan bir paytda shu munosabat bilan Ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya guruhi hisobida turgan shaxslarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash va ularning foydali mehnatga jalb qilish maqsadida Sherobod tuman IIB hamda tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan mahkumlar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Taklif etilgan ish o‘rinlari bilan tanishganlar, o‘zlari uchun eng maqbul qarorni qabul qildilar. Aytish kerakki, shu joyning o‘zida mehnat shartnomalari tuzilib, ishsizlar ishli, muammolar esa hal bo‘ldi.

Barcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratilgan davlatda faqat va faqat ulardan unumli foydalanish, to‘g‘ri yo‘lni tanlay bilish lozim. Ana shundagina halol mehnat bilan hamma narsaga erishish mumkin.
Mehnat yarmarkasi davomida viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik R.Ro‘ziyev hamda tuman IIB boshlig‘i O‘.Shukurovlar ham ishtirok etdi. Ular probatsiya nazoratida turgan shaxslar bilan suhbatlashib, ularning dard-u tashvishini, muammolarini tinglashdi.
Sohibjamol