Futuvvat-juvonmardlik guruhining ulug‘ peshvolaridan biri bo‘lmish Pahlavon Mahmudning qahramonliklari haqida o‘qiganmiz, ko‘p bora eshitganmiz. Polvonlikda dong taratgan alp kelbatli o‘g‘lonning dovrug‘i havasimizni va hayratimizni uyg‘otgan. Mard va jasur o‘g‘lonlarga Pahlavon Mahmudning sifatlari ko‘chirilishi ham shundan. Haqiqatan ham polvon bo‘lsa, Pahlavon Mahmuddek bo‘lsin-da. Bu qahramonning nomini abadiylashtirish, yoshlarni esa munosib rag‘batlantirish maqsadida “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida 2023-yil 1-yanvardan Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinadi.
Shuningdek, ushbu qaror bo‘yicha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida ta’lim dasturlari xalqaro reytingda yuqori bo‘lgan xorijiy OTM dasturiga ko‘ra shakllantiriladi. 2023/2024-o‘quv yilidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoniga ega sportchilar, Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoni sohiblari, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan sportchilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.
2023-yil 1-yanvardan “Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash tashkil etiladi.
Manbalar asosida H.Baxtiyorova tayyorladi