“Tez-tez holimizdan xabar olib, muammolarimizni o‘rganishadi”

Date:

Fikrlarimizni vatanparvarlik, insoniylik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan balandparvoz so‘zlar bilan boshlashni, bezashni xush ko‘ramiz. Bu ba’zilar uchun erish tuyilishi rost. Ammo, yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, Vatan kelajagi, umidi bo‘lgan yoshlar taqdiriga davlat siyosati darajasida qarash, ularning hayotini tubdan o‘zgartirib yuborayotgani haqiqat-ku. Nega endi mohiyatdan uzoqlashish kerak?

Ta’lim-tarbiyaga e’tiborni qo‘ya turaylik, barcha bolalarni bir ko‘z bilan ko‘rish maqsadida “Mehribonlik uy”larining tugatilgani, bolalarni oila muhitida ulg‘ayishini ta’minlash maqsadida ularning asrab olinishida ham katta ma’no yashirin. Endi bolalar Mehribonlik uyining panjarasidan tashqariga boqib, ota-onasi kelishini, ularni kimdir asrab olishlarini kutmaydi. Bunday kutish onlari tugagan. Ular allaqachon o‘z oilalari, ota-onalarini topib, oila muhitida ulg‘ayishmoqda. Bola uchun bundan ortiq baxt, xotirjamlik yo‘q aslida.
Mehribonlik uylarining tugatilib, bolalar oila muhitida ulg‘ayayotgani katta ishlarning boshlanishi bo‘lgan bo‘lsa, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Oltin daftar” qatoriga “Mehr daftari”ning ham qo‘shib qo‘yilgani ana shunday ezgu amallarning davomi bo‘ldi deyish mumkin. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar Hukumat qarori bilan “Mehr daftari”ga kiritiladi. Shu orqali bolalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari va bolalar mahallalarining bolalari hamda vasiylikdagi bolalar shular jumlasidan. Aytish kerakki, “Mehr daftari” bilan hokimliklar shug‘ullanadi. Daftarning elektron tizimiga ma’lumot kiritilishini Milliy gvardiya nazorat qiladi.

Ana shunday bolalarni qo‘llab-quvvatlash, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish maqsadida “Mehr daftari” jamg‘armasi ham tuzilgan. Jamg‘arma qanday mablag‘lar asosida moliyalashtirilishi ko‘pchilik uchun qiziq tuyilishi mumkin. Alkogol mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tushumining 3 foizi shu jamg‘armaga o‘tkaziladi. Homiylik va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar ham jamg‘arma manbasi bo‘la oladi. Jamg‘arma yordamida “Mehr daftari”ga kirgan bolalarning iste’dodi qo‘llab-quvvatlanadi. Bandligi ta’minlanib, sog‘ligi tiklanadi. Bolalar munosib shart-sharoitda yashashlari uchun barcha muammolarni bartaraf etish maqsadida vasiylik qilgan oilalar ham qo‘llab-quvvatlanadi. Viloyatda daftardagi 4 nafar bolaning sog‘ligi tiklab berilgan bo‘lsa, Surxondaryo viloyat hokimligi majlislar zalida “Mehr daftari”ga kiritilgan o‘g‘il-qizlarning 100 ga yaqiniga kompyuter jamlanmalari va tikuv mashinalari topshirildi. Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha oʻrinbosari Ilhom Saparov so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtaldi. Ularni faqat va faqat o‘qib-o‘rganishga, bilim olishga, kasb-hunar sirlarini egallashga undadi. Hayotlarining har bir daqiqasidan unumli foydalanishlarini aytib, ularga topshiriladigan tikuv mashinalari va kompyuter jamlanmalaridan o‘rinli foydalanishga chaqirdi.

Shundan so‘ng, sovg‘alar o‘z egalariga topshirildi.
— Mutaxassislar tez-tez holimizdan xabar olib, muammolarimizni o‘rganishadi, — deydi Termiz shahridan Mohira Abdusamadova. —Maktabni tamomlab, o‘qishga kira olmaganimdan so‘ng, ana shunday hol so‘rab kelgan mutaxassislarga tikuvchilik qilsammikan degan o‘yda tikuv mashinasi so‘ragandim. Chevarlikni o‘rganib, ish boshlasam, oz bo‘lsa-da kam-ko‘stimizni qoplaydi degandim. Kuni kecha qo‘shnimizning uyiga zamonaviy urfdagi pardalarni tikib, ilib ketgan tikuvchi qizning ishlariga yordam bergandim. Do‘stlashib qoldik. U meni shogirdlikka olishini aytib, ishga taklif qildi. Niyatimning xolisligini qarang, bugun esa tkiv mashinalik bo‘lib o‘tiribman. Ishtiyoqim oshdi. Albatta, parda tikishni o‘rganaman.

Oltinsoy tumanida “Mehr daftari”ga kiritilgan bolalar soni 30 nafarni tashkil etadi. Tuman hokimligi Bolalarni himoya qilish sho‘basi mahalla va xalq ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda daftarga kiritilgan bolalar doimiy o‘rganiladi. Nazoratga olinib, ularning orzu va istaklarini ro‘yobga chiqarish uchun kerakli yordam ko‘rsatiladi. Bugun ularning to‘rt nafari o‘z bandligini ta’minlaydigan bo‘ldi.

— “Mehr daftari”ning joriy etilishi ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarning mehr va e’tibordan chetda emasligini amalda ko‘rsatuvchi tizim bo‘ldi deyish mumkin, — deydi Oltinsoy tuman hokimligi Bolalarni himoya qilish sho‘basi mudiri Xusan Mengnorov. — Bola asrab olinadimi, yaqinlari qaramog‘ida qoladimi, biz ularni eshitamiz. Kerakli madadni berish uchun bu yo‘lda “Mehr daftari” tizimi nafaqat yoshlarga, balki biz uchun ham katta kuch beryapti.

270 million so‘m mablag‘ evaziga 60 ta kompyuter, 30 ta tikuv mashinalari o‘z egalariga topshirildi. Birma-bir sahnaga chiqib, tikuv mashinalari va kompyuter jamlanmalarini olayotgan o‘g‘il-qizlar yuz-ko‘zida tabassum. Xursandchiligini yashira olmay, o‘z minnatdorchiligini bildirishdan, tashakkur aytishdan to‘xtashmayapti. Bildirilgan ishonchni oqlash, munosib inson va kadr bo‘lib yetishishga ahd qilishganini aytishmoqda.
— Birinchi sinfda o‘qib, xat-savodim chiqqandan so‘ng, maktabga bora olmadim, — deydi Ameliya Hoshimova. — Oilaviy sharoit shuni taqazo qildi. Hali u, hali bu davlatga ko‘chib yurganimiz, u davlatlarda fuqaroligim bo‘lmaganligi uchun maktabga bormadim. Ammo, o‘qishni istardim. Mustaqil o‘qirdim-u tengdoshlarim kabi sinfxonada, jamoa bo‘lib o‘qib-o‘rganish orzuyim edi. 7-sinfda bu orzuyim amalga oshdi. Bir muddat Toshkentdagi 22-sonli “Mehribonlik uyi”da, asrab olinganimdan so‘ng, Angor tumanidagi 23-maktabda tahsilni davom ettiryapman. Insonda ishtiyoq bo‘lsa, uddalab bo‘lmas ishning o‘zi yo‘q ekan. Baholarim a’lo. Beshta tilda o‘z ona tilimdek bemalol suhbatlasha olaman. Oilaviy bolalar uyida birgalikda yashayotgan 8 nafar uka va singillarimning o‘qishlariga, uy-vazifalarini bajarishga yordam beraman.
Ameliya ko‘p kitob o‘qiydi. Zamon bilan hamnafas yashashni xush ko‘radi. Unga darslarini tayyorlashda, elektron kitob o‘qishda kompyuter jamlanmasi zaruratga aylangan edi. Ushbu yig‘ilish bahona bugun uning bu zaruratiga munosib yechim topildi.

Ha, yoshlar xususan “Mehr daftari”da ro‘yxatda turuvchilar doimo e’tiborda. Ularga ko‘rsatilgan ko‘mak kichik bo‘lishi mumkin, ammo bu ularning katta ishlarni boshlashlarida bir turtkidir.

S.Allayeva,
N.Muhibulloyev,
(foto)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Soliqdan qochib…

Yaqinda kiyim-kechak do‘koniga kirib, xaridni amalga oshirganimdan so‘ng, kassada...

Sinov majburiy bo‘ladi

Palma yog‘i 45 foizgacha palmetin kislotasidan tarkib topgan. Ushbu...

Kredit olishni taqiqlash mumkinmi?

Yurtimizda oʻz-oʻziga kredit olishni taqiqlash boʻyicha yangi qonun kuchga...

Kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyiladi

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini taʼminlash, ijtimoiy xizmat va...
KunTun
KunTun