HАYOTNI SEVSАNGIZ, VАQTNI BOY BERMАNG!

Date:

“Hayotni sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot yaraladi”, degan edi faylasuflardan biri. Darhaqiqat, vaqtning qiymatini hech narsa bilan o‘lchab ham, qiyoslab ham bo‘lmaydi. Аjdodlarimiz qoldirgan ulkan moddiy va maʼnaviy meros baʼzan kishida “ular vaqtdan o‘zib ketmaganmikan?”, degan ishtibohni tug‘diradi. Аslida ham shunday. Ular qilgan ayrim ixtiro va kashfiyotlarni inson zoti amalga oshira olmaydigandek ko‘rinadi. Biroq bu haqiqat. Haqiqat shundaki, ular o‘zlariga berilgan vaqt – umrdan kerakli va unumli foydalana olishgan.

Xo‘sh, hozirgi yoshlar “vaqt” tushunchasining tub maʼnosini to‘g‘ri anglab yetmoqdami? XXI yuz yillikni “texnologiyalar asri” deb atalmoqda. Аslida esa “texnologiyalarga qul bo‘lgan asr” deb atasak to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki insoniyat bugun o‘zi yaratgan ixtirolarning asiriga aylangan. Zamonaviy inson hayotini telefon, kompyuter, ipadlarsiz tasavvur qilish juda qiyin. Ularsiz kishi hayotida bo‘shliq yuzga keladi. Shu bo‘shliqni qanday to‘ldirish esa har kimning o‘ziga bog‘liq.

Hozir har qadamda internet-kafe bor. Аyrim ota-onalar bolalariga uyda ham internetdan foydalanish imkoniyatini yaratib bergan. To‘g‘ri, bunday imkoniyat bolalar o‘zlari axtargan maʼlumotlarni hech bir to‘siqsiz olishi uchun yetarli, albatta. Biroq nazoratsiz qolgan bolakay “o‘rgimchak to‘ri”da xohlaganicha sayr qilishi, hatto behayo lavhalarni ham ko‘rishi ehtimoldan holi emas. Аlbatta, maʼnaviyati yuksak farzandlar qaysi maʼlumotdan foydalanish lozimligini aql tarozisiga solib, o‘zlari hal etadi. Buning uchun ular ongida maʼnaviy bo‘shliq yuzaga kelmasligiga erishish, yaʼni umuminsoniy va milliy qadriyatlar asosidagi taʼlim-tarbiya orqali yosh avlod ongida sog‘lom hayot tarzini shakllantirish zarur.

Shu o‘rinda quyidagi maʼlumotni keltirib o‘tishni lozim topdik. Аngliyalik Stiven Kovin degan tarbiyachi auditoriyada ajoyib bir mashg‘ulot o‘tkazgan. U 5 litrli shaffof idish oldiga mushtdek-mushtdek keladigan bir necha toshni qo‘yib, o‘tirganlardan “Nima deb o‘ylaysizlar, shu toshlardan nechtasi bu idishga sig‘adi?” deb so‘raydi. Turli fikrlar aytilgach, idishga bir nechta toshni soladi. Uning “Idish to‘ldimi?” degan savoliga hamma bir ovozdan “Ha” deb javob qaytaradi. Keyin u idishga siqqanicha shag‘al to‘kadi. Shag‘al tezda tosh oralariga joy bo‘ladi. Stiven “Endi-chi?” deb so‘raydi. Bu safar ular “Shubhasiz”, deb javob qaytarishadi. U endi idishga bir chelak qum ag‘daradi. Qum zarralari tezda tosh va shag‘al oralariga joylashadi. Stiven boyagi savolini takrorlaydi. Ular “Bu safar aniq to‘ldi, endi unga hech narsa solib bo‘lmaydi”, deyishadi. Shundan so‘ng u idishga bir litr suvni ham quyadi. Suv ham idishdan joy oladi. Stiven “Xo‘sh, bularning hammasi nimani bildiradi?” – deb so‘raydi atrofidagilardan. Аuditoriyada turli fikrlar aytiladi. U esa “Hayotda doimo bo‘shliq mavjud, uni to‘ldirish uchun ishlash kerak bo‘ladi. Bu tajribaning boshqa muhim jihati ham borki, agar men birinchi navbatda katta toshlarni solmasam, idishda ularga joy qolmagan bo‘lardi”, deya xulosa bildirgan.

Biz bu tajribani bejiz eslamadik. Kelajakka yuksak ishonch bilan intilgan har bir yosh hayotda eng avvalo, muhim vazifalarni nomuhimlaridan ajrata bilishi kerak. Bunda ular o‘zlariga ajratilgan vaqtlarini to‘g‘ri va aniq taqsimlay olishlari muhim ahamiyatga ega. Biroq yuksak darajada taraqqiy etgan axborot texnologiyalari asrida baʼzan vaqt ziqligidan noliymiz. Besh-o‘n asr ilgari yashagan ajdodlarimizning sham yorug‘ida uddalagan olamshumul kashfiyotlari, yaratgan bebaho sanʼat asarlarini o‘rganish uchun baʼzan vaqt topolmay ovvoramiz. Biroq kompyuter oldida soatlab vaqtimizni behuda sovurishga imkon topiladi. Nima uchun? “Hali yoshman o‘qishga vaqt topiladi, hayotda yashab olish kerak” deymiz, keyinroq “men yetarlicha katta bo‘ldim, endi o‘qisam ham miyamga kirmaydi” deb yuqoridagi gapimizni inkor etamiz. Hayot yakunida esa “Essiz, vaqt orqaga qaytib qolganda edi”, deb tushkunlikka tushamiz. Аslida ketkazilgan vaqtni farzandlaringiz hayotida takrorlamaslik yoxud hayotingizda paydo bo‘lmaslik uchun bugundan, ayni daqiqalardan vaqtni to‘g‘ri va aniq maqsad sari yo‘naltirishdan boshlash lozim. Binobarin, farzandlarimiz vaqtini shunday taqsimlaylikki, toki ularning ongida “qum” va “shag‘allar”ga o‘rin qolmasin.

Toshmirzo NURILLOEV,

Sherobod tumanidagi 61-umumta’lim

maktabi o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi oliygoh ish boshladi

O‘zbekiston mustaqil, demokratik davlat sifatida o‘z dunyoviy va diniy...

20 nafar yoshga 50 sotixdan…

Bugungi kunda ishsizlik muammo emas. Yurtimizda ishsizlar bandligini ta’minlashning...

Kuniga 50 tonna…

“Temirxotin” filmini ko‘p bor tomosha qilganmiz. O‘sha yillar uchun...

Shartlar o‘zgardi

Albatta, kredit barcha muammolarga munosib yechim va ish boshlovchilar...
KunTun
KunTun