Qadrli dehqon va fermerlar! Qishloq xo‘jaligi sohasida halol mehnat qilayotgan qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, barchangizni, bugungi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Xurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning e’tibori va tashabbuslari bilan besh yildan buyon har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasini Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlab kelayapmiz.
Bu to‘kin hayot va farovon turmushimiz bunyodkorlari bo‘lgan Siz azizlarga davlat darajasida ko‘rsatilayotgan yuksak eьtibor namunsidir.
Shu o‘rinda aytish kerakki, viloyatimizning dehqon va fermerlari ob-havo injiq kelayotgan murakkab sharoitda ham bilim va tajribasi, ilm-fan yutuqlarini yo‘lga qo‘yib, mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Buning uchun erta bahorda yerga urug‘ qadab, rizq yo‘lini ochadigan, xonadonlarimizdagi to‘kinlik va fayzu-baraka sababchisi bo‘lgan Sizdek fidoyi mirishkorlarga har qancha rahmat aytsak arziydi.
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Qadrli agroklaster egalari!
Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga keng imkoniyatlar yaratilib, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari mehnatiga munosabat tubdan o‘zgardi. Erkin faoliyat yuritishi kafolatlanib, huquqlari yanada mustahkamlandi. Shunga mos ravishda Sizlar pandemiya balosi jiddiy havotir o‘yg‘otib turgan joriy yilda ham qishloq xo‘jalik mavsumining nihoyatda injiq va noqulay kelishiga qaramay, mo‘l hosil olish yo‘lida jasorat va fidoiylik ko‘rsatdingiz.
Jumladan, joriy yil viloyatimizda 610 ming tonna g‘alla, 253 ming tonna paxta, 1715 tonna pilla, 1 mln. 600 ming tonna meva-sabzavot, 200 ming tonna go‘sht va 580 ming tonna sut mahsulotlari hamda 530 mln. dona tuxum yetishtirildi.
Bu yil yig‘ib olingan paxta xom ashyosini o‘tgan yilga solishtirganimizda, yetishtirilgan paxta 52 ming tonnaga, o‘rtacha hosildorlik 7,5 syentnerga oshganini ko‘rishimiz mumkin.
Viloyatimizda mavjud 1500 gektar maydondagi issiqxona qishin-yozin tabiiy va servitamin mahsulot yetishtirishga xizmat qilmoqda. Ana shu issiqxonaning 350 gektari shu yilning o‘tgan davrida barpo etildi.
Tomarqalarimiz ham dasturxonlarimiz to‘kinligi va aholi maьmurchiligi manbaiga aylanmoqda. Xususan, bu yilgidek murakkab sharoitda ham xalqimiz tomarqasidan 950 ming tonna meva, sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yig‘ishtirib olindi. Sodda qilib aytganda mo‘jazgina tomorqa vohadoshlarimizning qo‘shimcha daromad manbaiga aylandi.
Albatta, yuqoridagi natijalarni qo‘lga kiritishda Prezidentimiz tashabbusi bilan klaster tizimi yo‘lga qo‘yilib, imtiyoz va pereferensiyalar berilayotgani, yer bilan tillashib ishlaydigan mirishkorlarimizning dehqonchilikka munosabati tubdan o‘zgargani, mehnatiga yarasha haq olayotgani, sohaga zamonaviy ilg‘or texnologiyalar joriy etilayotgani, qishloq xo‘jaligi texnikalari yangilanayotgani muhim omil bo‘lmoqda.
Bundan tashqari joriy yilda jami 28 ming gektar maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy etilib, paxta maydonlarining 8 ming gektarida, bog‘ va tokzorlarning 4,7 ming gektarida va boshqa ekinlarning 700 gektarida tomchilatib sug‘orish,
300 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish hamda 14,3 ming gektar maydonda lazerli tekislagichlar yordamida tekislash ishlari amalga oshirildi.
Viloyatimizda irrigasiya va meliorasiya tadbirlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yakunlanayotgan yilda irrigasiya tarmoqlari va meliorativ ob’yektlarni ta’mirlash-tiklash, rekonstruksiya qilish va yangidan qurish tadbirlari amalga oshirilib, jami 30 ming gektar maydonda suv ta’minoti, 25,0 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi, 14,5 ming gektar maydon qayta foydalanishga kiritildi.
Albatta amalga oshirilayotgan mazkur ishlar viloyatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, xalqimiz dasturxonini to‘kin qilishdek olijanob maqsadga qaratilgani quvonarlidir.
Aziz vohadoshlar!
Viloyatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida o‘z tajribasi, salohiyatiga ega hududlardan biri hisoblanadi. Mirishkorlikda boy tajribaga ega mamlakatimizga tanilgan fermerlarimiz, dehqonlarimiz bor.
Xususan, Isaxon Baxromov, Axmad Narzullayev va Ibrohim Fayzullayev singari O‘zbekiston Qahramonlari viloyatimizdan yetishib chiqqan.
Shuningdek, Chori Cho‘tpo‘latov, Tojimurod Mamaraimov, Normo‘min Choriyev, Boyniyoz Jo‘rayev, Marziya Ismoilova, Chori Amirov, Shamsiddin Oripov va Abdumurod Lapasov kabi katta salohiyat va bilimga ega insonlarning tajriba va maslahati bugun viloyatimiz qishloq xo‘jaligi rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Dunyoning ayrim davlatlarida aholini sifatli, tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taьminlash glabal masalaga aylanayotgan bir paytda mamlakatimizda to‘kin turmush taьminlanayotgani ham ana shunday fidoyi yurtdoshlarimiz mehnatlari natijasidir.
Yuqorida aytganimdek, jahonda tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi kuzatilayotgan bir paytda vohamizda ichki bozordan ortgan mahsulotlarni xorijga eksport qilayotganimiz Yangi O‘zbekistonda Sizlarning yangicha g‘oya, usul va ilg‘or tajribalarni qo‘llab, tunu-kun qilayotgan halol mehnatlaringiz mahsulidir.
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Sizlarni yana bir bor “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” va “Hosil bayrami” bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu-baraka, faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Bayramingiz muborak bo‘lsin.
To‘ra Bobolov,
Surxondaryo viloyati hokimi