Uzun tumanidagi «Ostona-1» nasos stansiyasida qiymati 2 million 18 ming 600 yevrolik modernizatsiya ishlari to‘liq yakunlandi. Loyiha doirasida 5 ta zamonaviy nasos agregati o‘rnatilib, 3 ming 800 gektar ekin maydonini kafolatli va uzluksiz suv bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.
Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Botir Alimov stansiyadagi yangilanishlar, yangi uskunalarning ishlash jarayoni va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shuningdek, «Yashil makon» loyihasi doirasida stansiya hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Mazkur yangilanishlar suv resurslaridan samarali foydalanish, sug‘orish tizimi barqarorligini ta’minlash hamda fermer va dehqon xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish orqali hududda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

