Surxondaryoda dezinformatsiyaga qarshi kurashish, axborot savodxonligini oshirish va jamiyat barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro loyiha doirasida hududiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Bugun axborot shunchaki xabar yetkazish vositasi emas. U jamoatchilik kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadi, odamlarning voqea-hodisalarga munosabatini shakllantiradi, ba’zan esa jamiyatda ishonch yoki shubha muhitini yuzaga keltiradi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumotlar bir zumda tarqalayotgan sharoitda ularning ishonchliligini baholash, haqiqatni asossiz da’volardan farqlash va axborot ta’siriga ongli munosabatda bo‘lish har qachongidan muhim.
Shu ma’noda, axborot barqarorligini ta’minlash faqat jurnalistlar yoki mutaxassislar zimmasidagi vazifa emas. Bu davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari va har bir fuqaroning hamkorligini talab etadigan umumiy jarayondir.

Termiz shahrida o‘tkazilgan hududiy maslahatlashuvlar ana shu maqsadga qaratildi. IDROK-UZ — “Dezinformatsiyaga qarshi inklyuziv barqarorlik va ochiq bilim” loyihasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, huquq himoyachilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolar hamda jamoatchilik yetakchilari ishtirok etdi.
Axborot sohasidagi muammolar har bir hududda o‘ziga xos namoyon bo‘lishi mumkin. Aholining internetdan foydalanish darajasi, axborot manbalariga ishonchi, mediasavodxonligi, mahalliy ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik institutlarining imkoniyatlari bu jarayonga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bois IDROK-UZ loyihasi doirasidagi uchrashuvlarda tayyor yechimlarni taqdim etishdan ko‘ra, mahalliy sharoitni chuqurroq o‘rganish, mavjud muammolarni ishtirokchilar bilan birgalikda aniqlashga ustuvor ahamiyat berildi.Uchrashuvda har bir hududdan 20 nafarga yaqin ishtirokchining qatnashishi turli qarash va tajribalarni bir maydonda jamlash imkonini berdi. Davlat idoralari, jurnalistlar, huquq himoyachilari va fuqarolik jamiyati vakillarining o‘zaro muloqoti axborot barqarorligini ta’minlashda hamkorlikning o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Zero, dezinformatsiyaga qarshi samarali choralar ko‘rish uchun axborotni tarqatish mexanizmlarinigina emas, balki odamlarning unga munosabatini, ishonchini va axborotdan foydalanish madaniyatini ham hisobga olish zarur.
Hududiy maslahatlashuvlar natijasida mahalliy axborot muhitining umumiy xaritasi, asosiy zaifliklar va mavjud kamchiliklarning ustuvor yo‘nalishlari shakllantiriladi. Shuningdek, axborot sohasidagi muammolarning aholi va alohida guruhlarga ta’siri tahlil qilinib, mavjud salohiyat hamda uni oshirish ehtiyojlari baholanadi. Eng muhimi, aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan amaliy yechimlar, dastlabki tavsiyalar va ilg‘or tajribalar ishlab chiqiladi.
Bu natijalar loyihaning keyingi bosqichlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Jumladan, salohiyatni oshirish tadbirlari, hududiy media va axborot savodxonligi markazlarini rivojlantirish, fuqarolik jamiyati va davlat institutlari o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, milliy xabardorlik kampaniyalarini tashkil etish hamda mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Uchrashuv ushbu tashabbusning hududlardagi real ehtiyojlar, aholi tajribasi va mahalliy imkoniyatlarga tayanishi yo‘lidagi muhim qadamdir.
Axborot barqarorligi, avvalo, fuqarolarning ishonchli ma’lumot olish imkoniyati, uni tahlil qilish ko‘nikmasi va jamiyatdagi o‘zaro ishonch bilan bog‘liq. Bu boradagi samarali natijalar esa tayyor yechimlardan emas, balki muammoni to‘g‘ri anglash, ochiq muloqot va hamkorlikdan boshlanadi.
Jamshid Aliyev,
“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi

