Kasaba uyushmalari: sharafli tarix, zalvorli mas’uliyat

Date:

Mehnat qilayotgan insonning huquqlari himoyalangan, salomatligi va manfaatlariga e’tibor qaratilgan, munosib dam olishi uchun sharoit yaratilgan jamiyatda ijtimoiy barqarorlik mustahkamlanadi. Ana shu ezgu tamoyillarni ro‘yobga chiqarishda kasaba uyushmalarining o‘rni va mas’uliyati katta.

11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Termiz shahridagi “Royal Hall” tantanalar saroyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan “Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Unda viloyat hokimi o‘rinbosari A. Amirov so‘zga chiqib, soha xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z tabrigida kasaba uyushmalarining xodimlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat munosabatlarida ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlab, tizim vakillariga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan so‘ng viloyat kasaba uyushmalari tizimining 2026-yildagi faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar, mavjud masalalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama etildi.

Bugungi kunda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mamlakat miqyosida qariyb 8 million nafar a’zoni birlashtirib, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Kasaba uyushmalari faoliyatida xodimlarning salomatligini mustahkamlash va munosib dam olishini tashkil etish ham muhim o‘rin tutadi. Joriy yilda 3 870 nafar xodim respublika va viloyatdagi sanatoriylarda imtiyozli ravishda sog‘lomlashtirildi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida esa 14 ming 157 nafar xodim hamda ularning oila a’zolari uchun mamlakatimizning tarixiy shaharlari va viloyatimizdagi diqqatga sazovor maskanlarga sayohatlar tashkil etildi.

Ayniqsa, bolalar sog‘lomlashtirishiga qaratilayotgan e’tibor tahsinga loyiq. Yozgi mavsumda 19 ming 440 nafar bolani dam oldirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 21 ming 558 nafar bola oromgohlarda maroqli hordiq chiqardi. Natijada reja 110 foizga bajarildi. Shundan 4 ming 625 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari bo‘lib, ular homiylik asosida bepul sog‘lomlashtirildi.

Keyingi o‘n yilda viloyatda kasaba uyushmalari tizimi tomonidan 4 ta sanatoriy va 3 ta bolalar oromgohi barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Hozirda Boysun tumanidagi “Omonxona” sanatoriyida qo‘shimcha bino va inshootlar qurilmoqda. Sherobod tumanidagi “G‘urinbuloq” mineral suvi negizida 200 o‘rinli zamonaviy sanatoriy tashkil etish, Denov tumanidagi “Chashma” oromgohini qayta qurish ishlari olib borilmoqda.

Bayram tadbirida erishilgan natijalar bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham belgilab olindi.

Tadbir davomida kasaba uyushmalari faoliyatida ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi hamda turli tanlovlarda erishgan yutuqlari uchun bir guruh hamkorlar va g‘oliblarga Federatsiyaning tashakkurnomalari hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Bayram dasturi san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar ulashdi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Sovuq kunlarda xavfsizlik — hayot garovi

Termiz tumanida sovuq kunlarda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda...

“Ostona-1” nasos stansiyasi modernizatsiya qilindi

Uzun tumanidagi «Ostona-1» nasos stansiyasida qiymati 2 million 18...

Kasaba uyushmalari: sharafli tarix, zalvorli mas’uliyat

Mehnat qilayotgan insonning huquqlari himoyalangan, salomatligi va manfaatlariga e’tibor...

Axborot barqarorligi: yechimlar mahalliy tajribadan boshlanadi

Surxondaryoda dezinformatsiyaga qarshi kurashish, axborot savodxonligini oshirish va jamiyat...
KunTun
KunTun