Qiziriq tumanidagi umumta’lim maktablarida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. 30-umumta’lim maktabida maktab direktorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Sh. Allamurotov va tuman IIB boshlig‘i S. Nazirov so‘zga chiqib, ta’lim muassasalarining isitish tizimlarini mavsumga tayyorlash, mavjud nosozliklarning oldini olish hamda tarqatilgan isitish qozonlarini o‘z vaqtida o‘rnatish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, yig‘ilishda o‘quvchilar davomati, ta’lim sifati va odob-axloq masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tayyorgarlik ishlari doirasida isitish qozonlariga ehtiyoji bo‘lgan maktablarga zamonaviy qozonlar tarqatildi. Endilikda ularni belgilangan muddatlarda o‘rnatish va isitish tizimlarining sozligini ta’minlash muhim vazifa hisoblanadi.
Sovuq kunlarda sinfxonalarning iliq bo‘lishi o‘quvchilar salomatligi va ta’lim jarayonining uzluksizligi uchun muhim. Shu bois maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari belgilangan vazifalar ijrosi va mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib davom ettiriladi.

