Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani natijasida hududlarning turistik salohiyati tobora yuksalmoqda. Ayniqsa, Surxondaryo viloyatida hayotga tatbiq etilayotgan yirik investitsiya loyihalari, zamonaviy infratuzilma va boy tarixiy-madaniy merosning uyg‘unligi viloyatni nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoning istiqbolli turistik yo‘nalishlaridan biriga aylantirmoqda.
Viloyatning tabiiy va madaniy boyliklari, qadimiy obidalari, betakror tog‘ va vodiy manzaralari sayyohlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda. Buni statistika ham yaqqol tasdiqlaydi. Agar 2018-yilda Surxondaryoga 21 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich bir oy davomida 20 ming nafardan oshmoqda. Ushbu o‘sish turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosatining amaliy samarasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Viloyatda turizm infratuzilmasini kengaytirish maqsadida Prezidentimiz qaroriga muvofiq uchta yirik turizm markazini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Ularning eng yirigi Sariosiyo tumanida bunyod etilayotgan “Sangardak” turizm markazi bo‘lib, loyiha qiymati 913,3 milliard so‘mni tashkil etadi va 615 gektar maydonni qamrab oladi.
Loyiha doirasida 21 ta restoran, kafe va bar, 296 ta savdo nuqtasi, to‘rtta uch yulduzli hamda ikkita besh yulduzli mehmonxona, 10 ta mehmon uyi, sanatoriy va madaniy hordiq maskanlari bunyod etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, uzunligi 1,6 kilometr bo‘lgan kanat yo‘li, zamonaviy “zip line” attraksioni va piknik hududlari bosqichma-bosqich barpo etilmoqda.
Qorli tog‘ cho‘qqilari bag‘rida joylashgan Sangardak sharsharasining betakror manzarasi, musaffo tog‘ havosi va so‘lim tabiati ushbu maskanga alohida joziba bag‘ishlaydi. Zamonaviy infratuzilma bilan uyg‘unlashayotgan tabiiy go‘zallik kelgusida nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlar uchun ham eng ommabop yo‘nalishlardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur markazning ishga tushirilishi hududga tashrif buyuruvchi turistlar sonini sezilarli darajada oshirish bilan birga xizmat ko‘rsatish sohasi, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik rivojiga ham yangi turtki beradi. Bu esa aholi daromadlari ortishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Viloyatda buning bilan cheklanib qolinmayapti. Dunyoga mashhur Omonxona va Sangardak hududlarida zamonaviy turizm markazlari, shuningdek, “Janubiy Surxon” suv ombori atrofida ekoturizm majmuasi tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbuslar Surxondaryoda ekologik va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Turizm rivojida transport infratuzilmasining o‘rni alohida ahamiyatga ega. Prezidentimizning joriy yil fevral oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar asosida Termiz – Istanbul – Termiz yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi xalqaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Mazkur aviaqatnov viloyatning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ichki turizmni rivojlantirish va aholining mazmunli dam olishini ta’minlash maqsadida ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Termiz shahridagi istirohat bog‘i hududida qiymati 10 million AQSH dollariga teng “Etno shaharcha” bunyod etilmoqda. Ushbu maskan milliy urf-odatlar, hunarmandchilik an’analari va madaniy merosni zamonaviy usulda namoyish etuvchi yirik turistik majmuaga aylanishi kutilmoqda.
Shuningdek, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot va Jarqo‘rg‘on tumanlarida 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi yoshlar hamda turizm ko‘chalari tashkil etildi. Natijada 50 ming nafardan ortiq aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.
Bugungi kunda esa Termiz shahri hamda Angor, Bandixon, Boysun, Denov, Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Sho‘rchi va Uzun tumanlarida umumiy qiymati 118 milliard so‘mlik tun-u kun faoliyat yuritadigan turizm va gastronomik ko‘chalar barpo etilmoqda. Mazkur loyihalar hududlarning iqtisodiy faolligini oshirish, mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va sayyohlarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan.
Eng muhimi, turizmga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar nafaqat yangi sayyohlik obyektlarini yaratmoqda, balki aholi bandligini ta’minlash, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va hududlar iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishning muhim omiliga aylanmoqda. Mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, umumiy ovqatlanish korxonalari, transport, savdo va gidlik xizmatlarining kengayishi natijasida yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Surxondaryoda amalga oshirilayotgan yirik turizm loyihalari hududning ulkan salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Boy tarixiy meros, noyob tabiat, zamonaviy infratuzilma va qulay transport aloqalari uyg‘unligi viloyatni xalqaro turizm xaritasida tobora muhim o‘rin egallayotgan hududga aylantirmoqda. Bugun Sangardak, Omonxona va boshqa maskanlarda bunyod etilayotgan zamonaviy majmualar ertangi kun Surxondaryosining iqtisodiy taraqqiyoti, aholi farovonligi va turizm salohiyatining yanada yuksalishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Baxshullo Asadov,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘qituvchisi

