Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida 2026–2027-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlarini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shtab onlayn va oflayn qabul jarayonlarini muvofiqlashtirib, haftaning dushanbadan jumagacha soat 09:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadi.
Yangi o‘quv yilida viloyat bo‘yicha 70 335 nafar o‘quvchini 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan. Qabul jarayonlari Termiz shahri hamda Termiz, Angor, Bandixon, Jarqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Qiziriq va Qumqo‘rg‘on tumanlarida onlayn, qolgan hududlarda esa oflayn shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, fuqarolar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va savollarga javob berish uchun Call-markaz ham ishga tushirilgan.
Mazkur tizim qabul jarayonlarini shaffof va qulay tashkil etish, ota-onalar uchun ortiqcha qiyinchiliklarni kamaytirish hamda ta’lim tizimida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

