She’ri suvda oqqan shoir

Date:

Vohada 68 yoshli bir mashhur shoir bor edi. Iste’dodi kuchli, xotirasi esa unchalik emas. Tibbiy tilda aytganda — skleroz. Ilhom kelsa, qayerda bo‘lsa ham she’r yozaverardi, lekin yozganini qayerga qo‘yganini eslab qolish — bu alohida masala.
Kunlardan bir kun u ijodiy safar bilan vodiyga bordi. Mehmonxonaga joylashdi, uchrashuvlar o‘tkazdi, yoshlarga ma’ruza qildi, ora-orada yangi she’rlar bitdi. Ilhom bor joyda tartib bo‘lmaydi-da.
Bir kuni tushdan keyin mehmonxonaga qaytib, xonasiga kirdi-yu, birozdan so‘ng ikkinchi qavatni titratgan baqiriq yangradi:
— She’rlarim! She’rlarimni o‘g‘rilashibdi!
Administrator yugurib kirdi. Shoir sochlari to‘zg‘ib, shkaf-u chemodanni ag‘dar-to‘ntar qilib turardi.
— Eng qimmat boyligim ketdi! — derdi u fojiali ovozda. — Biroz pul ham bor edi…
“Biroz pul” gapi eshitilishi bilan ish jiddiy tus oldi. Militsiya chaqirildi. Mehmonxona guvillab ketdi. “Shoirning dollari o‘g‘rilanibdi”, degan gap chaqmoqdek tarqaldi.
Tekshiruv boshlandi. Farrosh qiz qo‘rqa-pisa gap ochdi: tush payti ovqat yetkazib beradigan talaba yigit kelgan, keyin ariqqa nimadir oqizib yuborgan. Hammasi shu yerda “ulandi”.
Talaba yigitni olib kelishdi. Savollar yomg‘irdek yog‘ildi.
— Shoirning xonasiga kirganmisan?
— Yo‘q.
— Ariqqa qog‘oz tashlaganmisan?
— Ha, zakaz qog‘ozlari edi…
“Mana, iqror!” degandek qarashdi. Tushgacha shu qavatda bo‘lgan. Ariqqa qog‘oz tashlagan. Shoirning qog‘ozlari yo‘qolgan. Demak… mantiqiy zanjir tayyor!
Talaba “zakaz qog‘ozi” deb turibdi, ammo hech kimga qiziq emas. Faktlar tayyor, gumon tayyor, aybdor ham tayyor. Qisqasi, yigitcha “o‘g‘ri”ga aylandi.
Shoirdan uzr so‘rashdi, izzat-hurmat bilan kuzatishdi. Mehmonxona sha’ni saqlandi. Qonun “ishladi”.
Oradan ikki oy o‘tdi.
Shoir uyiga katta konvert keldi. Vodiy gazetasidan. Xatda shunday deyilgan edi: “Hurmatli ustoz, ikki oy avval redaksiyamizga kirganingizda she’rlaringizni stol ustida unutib qoldiribsiz. Manzilingiz yozilgan ekan. She’rlaringizni chop etdik, mana, asl nusxasi va gazeta.”

Abduvali Ahmad,
Termiz tumani

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Kitobxon bo‘lsa, mukofoti bor

Prezident yoshlar bilan uchrashuvda axborot xurujlari kuchayib borayotgan bugungi...

 “Ikkinchi imkon” — yangi yo‘l ochadi

Prezidentning yoshlar bilan muloqotida jazoni ijro etish muassasalarida jazo...

Ta’lim tizimining “Qalqon”i bo‘ladi

Vazirlik nizomiga muvofiq, pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida “Qalqon” patrullari...

Hashar – birdamlik timsoli

Yurtimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari izchil davom...
KunTun
KunTun