“Yaxshi ko‘rganimni endi tushundim”

Date:

Men “Surxon tongi” gazetasini uzoq yillar sirtdan bilganim bois, kalondimog‘, kibrga mukkasidan ketgan, elita qatlamning “muxbirlari” deb bilardim. Ayrim damlarda maqolalarni o‘qib yosh holimda peshonam tirishardi ham. Taqdiri tasavvurimdan o‘zga ekanki, rizqim shu “elita qatlam”ga ulashdi. Ilk kunlardanoq eski tasavvurimni yo‘q qilish payiga tushdim-u mengacha mas’ul muharrir bo‘lgan Usmonali Normatovning xonadoshiga aylandim. O‘ylab qarasam, har qanday yosh kadrni sohaga tayyor etadigan birinchi bosqich — Usmonali aka ekan. Shoshqaloq va urushqoq menday odamga halimlik bilan saboq berardiki, tan olmay ilojim yo‘q edi. Maqolalarni mahorat bilan, o‘tkir aql bilan yozardilar. Qishloq xo‘jaligining ipidan ignasigacha mukammal biladigan mutaxassis sifatida maqolalarini o‘qib tushunmay qolardim. “Usmonali aka, xalq tushunadigan tilda yozing! Shuncha atama, dori-yu zararkunandalarni sanab sahifani to‘ldiryapmiz, xolos”, desam, vazminlik bilan: “Gazetani faqatgina xalq o‘qiydimi? Mutaxassislar ham o‘qiydi”, derdi. Men yana o‘z bilganimdan qolmasdim, ustoz ham ko‘ngil kenglik qilardi…
Men otamni yo‘qotdim, dunyosi bir tiyinga qimmat tuyulib qolgan kezlarda, o‘zimni ovutib ishga chiqdim. Bir og‘iz ko‘ngil so‘ramadi: “Yaxshiyam, kelding! Bu ishdan chiqib qolibman. Maqola yozaymi, tahrir qilaymi, sahifani dizayniga mas’ul bo‘laymi — bilmay qoldim”, dedilar. Hali qo‘lidan ishini olganimga yil bo‘lmagan insonni uyqusidan uyg‘otsangiz ham yuz foiz uddalaydigan darajadagi bilimdon jurnalist, mohir muharrir bu gaplarni bejiz aytmaganini keyin tushundim. Ish chalg‘itar ekan, ish kuch bo‘lar ekan, ishdagilar va odatiy hayot og‘riqlaringni ozaytirar ekan. Usmonali aka ismi jismiga monand kishi edi, “shikastlarni davolovchi” ma’nosini fe’lida mujassamlashtirgan edi. U ish bilan uqubatlarni yengish mumkinligini teran anglagan kishi edi. Inson unutuvchidir. Inson xotiralar manbayidir. Inson — insondir.
Ishim davomida juda ko‘p bora Usmonali akaga e’tirozlar bildirdim. Lekin ustoz biror marotaba xatolarimni eslatganida men kabi yo‘l tutmadi. Faqatgina Usmonali akagagina xos yo‘l tutardi.
Hazil-huzulni maromida qo‘llardi… Kulsa, ko‘zlari quvnab ketardi. Bir safar Termiz shahrida o‘tkazilgan kurash musobaqasidan maxsus son tayyorlashimiz kerak bo‘ldi. Qo‘lidagi bloknotiga asosiy bahsning rejasini tuzib, kim kim bilan raqib, kim keyingi bosqichga o‘tgani kabi ma’lumot yozib olganlar. Faqat ismlar… Kun uzog‘i kurash maydonida o‘tirgan odam bir betlik ma’lumot bilan ishxonaga qaytdilar. Harf teruvchilar uylarida kechki ovqat tanovul qilmoqda. Qolgan muxbirlar esa musobaqa davomida qoralamalarini elektron shaklga keltirgan va ishi ancha ildamlab, sahifa deyarli tayyor. Faqat Usmonali aka uchun ajratilgan maydon bo‘sh. Kamida uch qog‘ozlik maqola yozishlari kerak — qo‘lida esa bloknotning bir beti, o‘n-o‘n beshtacha ism…
Usmonali Normatov qo‘lyozmalarni ma’qul ko‘radigan, yozuvga ko‘nglini singdiradigan jurnalist edi. Harf teruvchi yo‘q — “pushkada” men. “Xurshid, o‘zing yozmasang bo‘lmaydi”, dedilar. Bir betlik maqolani “shest sekundda” yozishimga ishonib rozilik bildirdim. Yozishni boshladik: kim kimni yelkasiga oldi, kim yerning ko‘ziga raqibning yelkasini mo‘ljallab soldi, kimning texnikasi xalq olqishiga sazovor bo‘ldi. Qaysi bir polvonning mahorati jaydari-yu kim professional ekanligini aytar ekan, ikki xil qiziqish, yuzlab savollar meni “qitiqlardi”. Axiyri, yozishdan to‘xtab: “Qani, qayerga yozib qo‘ygansiz? Qayerdan bilyapsiz?” deya kulgi aralash savol bera boshladim. “Meni yoshimga bor, musobaqaga qatnashmay turib, kim g‘olib bo‘lishini ham aytib beradigan bo‘lasan”, dedilar kulib. Usmonali akaning sekin, bamaylixotir ekanligidan juda asabiylashgan kunlarim xotirimdan ko‘tarildi. O‘sha kuni tushundimki, ustoz butun boshli gazetani indamay, xalaqit bermay harf terib o‘tiradigan kishi bilan ikki soatda to‘ldira olar ekan. Yana menda qoldirgan va qoyil etgan taassurot shunda bo‘ldiki, yozib bo‘lgach, shoshayotganimizga qaramay, sahifaning boshiga qaytdik. Mening imlomni qayta o‘zi o‘qidi. Ayrim jumlalarni o‘zgartirdi,“Sen nima deysan?” deb mendan ham so‘rab-so‘rab qo‘yardi. Gazetani jo‘natdik… Usmonali Normatov sport yangiliklarining so‘zamol sharhlovchisi, qishloq xo‘jaligining mohir bilimdoni edi…
Usmonali Normatov mukofotlanganida ustoz jurnalist Safar Omon maqola yozib, Usmonali akani “chayir yigit” deb e’tirof etadi. Darhaqiqat, ustoz biz kabi yosh edi, biz kabi navqiron, mehnatdan tap tortmaydigan inson edi. Shu bois ham hamkasblari orasida mehrga, e’tiborga, hurmatga sazovor bo‘lgan deya olaman.

Usmonali Normatovga topshiriq berar ekanman, haddim sig‘ib, “Menga qahramonning itigacha yozib kelmang”, dedim. “Sen maqolaning qaymog‘ini qayerdan bilasan”, dedilar. O‘sha payt ko‘ngliga tekkan bo‘lishim mumkin, lekin maqolani shunaqa chiroyli jumlalar bilan boshlagan ekanlarki, beixtiyor “vah” deb yubordim. Xonamdan chiqib, Usmonali akaning xonasiga bordim. Xonada doimgidek mehmoni bor. Gapimni ayta olmay qaytdim. Keyinroq aytdim, shoshiltirmasak, topshiriqlarga ko‘mib tashlamasak, bundan ham yaxshi yozishini kulgi aralash aytib qo‘ydi.
27-iyun —kasb bayramimiz arafasida respublika telekanallaridan birining muxbiri faoliyatimiz haqida reportaj tayyorladi. Men va Usmonali aka intervyu berdik. Lavha efir yuzini ko‘rdi-yu ishxonada kulgiga sabab bo‘ldi. Meni Usmonali Normatov, ustozni esa Xurshid Karshiyev deya tanishtirishibdi (ehtimol mas’ul muharrir hamda muxbir so‘zlarini yoshga moslab, chalg‘ishgandir). Usmonali aka bilan to‘qnash kelganda: “Ishingizni oling, tinchgina muxbir bo‘lib, press-turda aylanib yuraman”, derdim. “O‘zi bazo‘r qutuldim, kerakmas” deya kulardi…
Usmonali akani, rosti, yoqtirmasdim. Bu safar yo‘qotishlar anglatgan haqiqatlarga duch kelib, shu ko‘zlari kulib turadigan odamni ham yaxshi ko‘rganimni endi tushundim. Men kuch topa olmadim, men ustozlarni yo‘qotish og‘rig‘ini tan olmay yashashni istaydigan kishiga aylandim. Ishonamanki, yozganlarimdagi “edi”lar hozir boshqa sohada faoliyat yuritayotgan kishi haqida. Ularni erta-indin yo‘l chetida shoshib ketayotganida yana uchratadiganday ishonch bilan yashashda davom etaman.

Xurshid Karshiyev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ipak yo‘lida uyg‘onish”: Surxon jozibasi namoyon

Bugun turizm sohasi nafaqat iqtisodiyotning faol rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri,...

To‘palangdan Termizga suv keldi

So‘nggi yillarda yurtimizda aholining hayot sifati va turmush farovonligini...

Halollik — tanlov emas, majburiyat

Korrupsiya ta’lim sohasiga kirib kelganida, u nafaqat moddiy zarar...

Tarixiy ildizlarda yangi hayot nafasi

Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, asrlar davomida turli sivilizatsiyalar...
KunTun
KunTun