Tillar turfa, maqsad yagona

Date:


Jahon davlatchiligi tarixiy taraqqiyotidan ma’lumki, milliy masala har bir davlat faoliyatida, ayniqsa, ko‘pmillatli davlat, ya’ni polietnik davlatlar uchun asosiy o‘rin tutadi. Milliy masala turli ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarda millatlararo iqtisodiy, hududiy, siyosiy, huquqiy, g‘oyaviy, ma’naviy hamda madaniy munosabatlar yig‘indisi hisoblanadi.
Milliy masalaning xarakteri va qo‘yilishi muayyan tarixiy davrning xususiyatlariga, har bir millat ijtimoiy taraqqiyotining alohida sharoit va bosqichlariga bog‘liq. Uning qanday hal etilishi ham bevosita davlatdagi ijtimoiy-siyosiy shart-sharoitlar, boshqaruv tizimi faoliyatining tashkil etilishi va amalga oshirilishi bilan bog‘liq. U eng avvalo, milliy manfaat, milliy g‘urur, milliy iftixor, milliy madaniy qadriyatlar, milliy madaniyat, milliy urf-odatlar, milliy til masalalariga munosabatda o‘z ifodasini topadi. Ana shu jihatlar nuqtayi nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydigan O‘zbekistonda milliy til va milliy madaniyat bilan bog‘liq masalalar turli millat vakillarining milliy manfaatlari e’tiborga olingan holda qonuniy hal qilingan deyishimiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bu masalada bir qancha meyorlar borki, ular respublikamizda yashab kelayotgan har xil millat vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni tenglik asosida olib borishga, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Jumladan, Asosiy qonunimizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’ananalari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi”, deb belgilab qo‘yilgan. Uning 19-moddasi orqali esa O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar qonun oldida tengligi mustahkamlangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Shaxsiy huquq va erkinliklar” deb nomlanuvchi VII bobidan joy olgan 27-moddada “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanish mumkin emas… Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”, degan meyorlar mavjud. Ushbu meyorlar hatto gumondor sifatida ushlab turilgan shaxs ham nima sababdan ushlab turilganligi haqida o‘z ona tilida tushuntirish olishga, tarjimon yordamidan foydalanishga haqli ekanligini bildiradi. Mazkur manbada yana bir qoidada, ya’ni 139-moddada O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda yoxud qonunga muvofiq boshqa tilda olib borilishi, sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqining ta’minlanishi mustahkamlab qo‘yilgan.
Asosiy qonunimizdagi ana shu meyorlar orqali, shuni anglashimiz mumkinki, respublikamiz hududida istiqomat qilib kelayotgan turli millatga mansub aholi nafaqat o‘zaro ijtimoiy hayotda, balki davlat organlari xizmatidan foydalanishlarida ham o‘z ona tillaridan foydalanish huquqiga egalar. Milliy tarkib jihatdan murakkablik saqlanib kelinayotgan mamlakatimiz aholisi uchun O‘zbekiston Respublikasi tolerantlik, ya’ni bag‘rikenglik siyosatini olib borib, barcha sohalarda ularning huquqlari himoya qilinmoqda, erkinliklari ta’minlanyapti.

Shoira Davlatova,
TerDU katta o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi buyurtmalar portfeli shakllantiriladi

Sanoatsiz davlat iqtisodiyoti rivojlanishi mushkul. Sanoat rivojlansa, ishlab chiqarish...

Milliylik va mohiyat

Til — millat ko‘zgusi! Ona tili esa millatning ruhidir....

Tillar turfa, maqsad yagona

Jahon davlatchiligi tarixiy taraqqiyotidan ma’lumki, milliy masala har bir...

Tezkor, shaffof va qog‘ozsiz

Bugungi globallashuv va raqamli transformatsiya davrida sud-huquq tizimini sun’iy...
KunTun
KunTun