Oxirgi yillarda yurtimizda diniy sohada olib borilgan izchil islohotlar ulkan ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ular muhim bir jihatga ega bo‘lib, nafaqat yurtimiz, balki jahon miqyosda ta’sir kuchiga egadir. Zero, oxirgi yillarda tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi kabi tashkilotlarda muhim masala – tarixda Movarounnahr deb atalgan yurtimiz olimlarining asarlari chuqur tadqiq etilmoqda. Bunda ikki muhim nuqta bor:
Birinchisi, ilgarilari biz allomalarimizning faqat nomlarini qayd etish, hayot faoliyatlarinigina qisman o‘rganish bilan cheklanar edik. Bugun esa ushbu markazlar ular ijodini bevosita o‘rganib, chuqur tadqiq etishmoqda.
Ikkinchisi, yurtimiz allomalari asarlari nafaqat Vatanimizdagi, balki dunyo miqyosdagi diniy muhitni sog‘lomlashtirishda ulkan ahamiyatga ega sanaladi. Zero, oxirgi vaqtlarda Movarounnahr ilmiy maktabining hozirgi kundagi Islom dunyosidagi ixtiloflarni yechishdagi o‘rni va ahamiyati bot-bot ta’kidlanmoqda. Hatto shunday fikrlar ham yangramoqdaki, Movarounnahr allomalari merosining tadqiqi – bugungi kundagi muammolarning asosiy yechimlaridan biri sanaladi.
Shuning uchun bugungi kunda diniy soha olimlari oldida turgan ulkan vazifalardan biri nafaqat ona tilimizda, balki jahon miqyosda dunyo tillarida ajdodlarimiz merosini va ularning asl mazmunini xalqaro jamoatchilikka taqdim etish sanaladi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa turdosh tashkilotlarda ham ushbu yo‘nalishda ishlar boshlab yuborilgani va ma’lum natijalarga erishilgani diqqatga sazovor. Imom Termiziy markazida Hakim Termiziyning “Bahrut-tafsir”, Imom Moturidiyning “Kitot at-tavhid” kabi asarlarning arab tilida nashr etilgani so‘zimizning dalilidir.
Bugungi kunda jaholatga qarshi ma’rifat g‘oyasi global ahamiyat kasb etmoqda. Zero, kunimizdagi nizo va ixtiloflar faqat kuch yordamida yechishga urinilishi dunyo miqyosda kuzatilmoqda, nafaqat kuzatilmoqda, balki kun sayin kuchayib bormoqda. Bunday vaziyatda esa nizo faqat kuchayib borsa boradiki, kamaymaydi.
Ho‘sh, jaholat nima? Hakim Termiziy o‘zining “Nafs odobi” asarida deydiki, nafs zulmati – jaholatdir. Buning mazmuni shuki, kishi ma’lum zaruriy narsalarni o‘z fikriga tayanib, faqat havoyi nafsiga moslab tushunsa va talqin qilsa, bu fikr va g‘oya jaholatga aylanadi. Olimlarga ergashilsa va ilmiy qoidalarga rioya etilgan holda ish olib borilsa, bu ma’rifat bo‘ladi. Shuningdek, ma’rifat ilmdan ko‘ra ham yuqoriroq tushuncha bo‘lib, u narsalar haqiqatini nafaqat anglash, balki yuragida his qilib, sezmoq va topmoqdir.
Hali Suqrot o‘z davridayoq bu masalaga shunday qaragan: ma’rifat – haqiqatlar ma’rifati bo‘lib, bu eng oliy saodat. Hech kim o‘z irodasi bilan haqdan chetlanmaydi va agar unda haqiqatni anglash ma’rifati bo‘lsa, botilni ixtiyor qilmaydi. Inson ma’rifat ya’ni anglashda noqis bo‘lsagina, xatoga ketadi. Bu uning yaxshilikdan johil bo‘lgani tufayli yuz beradi. Aslida esa orif hakimning bir o‘zi yashasa ham baxtli, ham fozildir. Shuning uchun ma’rifat – inson uchun eng oliy g‘oyadir. Aynan olganda, uning o‘zi yaxshilik va fazilatdir. Umuman, Suqrotning qarashi shuki, “dunyoda birgina yaxshilik bor – ilm-ma’rifat va faqat birgina yomonlik bor – jaholat”.
Muhosibiy ham “Odobun nufus” asarida ma’rifatni asl sanaydi va yaxshiliklar ma’rifat miqdoriga ko‘ra, yomonliklar esa uning nuqsoni miqdoriga ko‘ra bo‘lishini aytadi. Yana u deydiki, “Men amaling ozligidan emas, ma’rifating ozligidan qo‘rqaman”.
Shu kunlarda Prezidentimiz farmoni bilan tashkil etilgan va o‘z faoliyatini boshlagan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati ham yurtimiz tasavvuf maktabining oltin silsilasini tashkil etgan xojagon-naqshbandiya piru murshidlarining barcha davrlar uchun dolzarb g‘oyalarini o‘rganish va targ‘ib qilish orqali tegishli sohadagi ma’rifatimizni teranlashtirshiga xizmat qiladi.
Jo‘rabek Cho‘tmatov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)