Har bir xalqning buguni va ertangi kuni uning tarixiy xotirasi bilan chambarchas bog‘liq. O‘tmishini unutgan xalq kelajagini mustahkam qura olmaydi. Ana shu tarixiy xotirani asrab-avaylaydigan, avlodlarga yetkazadigan eng muhim maskanlardan biri – muzeydir. Biroq bugungi zamonaviy muzey faqat eksponatlar saqlanadigan bino emas. U ilm-fan, ta’lim, madaniyat va turizm uyg‘unlashgan, jamiyatning ma’naviy taraqqiyotiga xizmat qiladigan yirik ma’rifat markaziga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonunida muzey madaniy merosni to‘plash, saqlash, o‘rganish va keng jamoatchilikka namoyish etuvchi doimiy faoliyat yuritadigan madaniyat muassasasi sifatida belgilangan. Ammo bugungi kunda muzey xodimlari zimmasidagi vazifalar faqat tarixiy buyumlarni asrash bilangina cheklanmaydi. Eng asosiy vazifa — ushbu bebaho merosni tomoshabin qalbiga yetkazish, tarixni qiziqarli va ta’sirchan shaklda namoyish eta olishdir.
Shu jihatdan muzeyshunoslik va ekskursiya faoliyatida ishlayotgan mutaxassislarning kasbiy mahorati tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki har qanday eksponat uning tarixini chuqur bila-digan, sodda va ravon tilda tushuntirib bera oladigan mutaxassis qo‘lidagina “jonlanadi”. Tashrif buyuruvchi ko‘r-gan buyumini emas, u orqali his qilgan taassurotini uzoq yillar eslab yuradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, muzeyga kelgan mehmon, avvalo, eksponatni emas, ekskursovodni tinglaydi. Uning nutqi, muomala madaniyati, bilim darajasi va tarixiy voqealarni hiko-ya qilish uslubi tashrifchining muzey haqidagiilk taassurotini shakllantiradi. Zamonaviy ekskursovodning faqat tarixchi bo‘lishi yetarli emas, u pedagog, psixolog, notiq hamda ijodkor ham bo‘lishi zarur. Chunki ekskursiya oddiy ma’ruza emas, balki tashrifchi bilan muloqotdir.
Ekskursovod tarixiy voqealarni shunchaki sanab o‘tmasligi, balki ularni his qildira olishi kerak. Ritorik savollar, qiziqarli tarixiy faktlar, taqqoslashlar, obrazli ifodalar va jonli suhbat uslubi ekskursiyani esda qolarli qiladi. Shundagina muzey tashrif buyuruvchi uchun shunchaki sayohat emas, ma’naviy kashfiyotga aylanadi.
Dunyo muzeylari tajribasi shuni ko‘rsata-diki, bugungi tashrifchi faqat eksponatlarni tomosha qilish bilan cheklanmaydi. U tarixni his qilishni, voqealar ichiga “kirishni” istaydi. Shu bois multimedia texnologiyalari, audio va videogidlar, interfaol ekranlar, virtual rekonstruksiyalar hamda raqamli texnologiyalar muzeylarning ajralmas qismiga aylanmoqda.
O‘zbekiston muzeylarida ham ana shunday zamonaviy yondashuvlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu esa yoshlarning tarixga qiziqishini oshirish, xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish va muzeylarning jozibadorligini kuchay-tirishga xizmat qilmoqda.
Respublikamizda arxeologiya yo‘nalishiga ixtisoslashgan yagona muzey – Termiz arxeologiya muzeyi bu borada o‘ziga xos tajribaga ega.
Muzey ekspozitsiyalari Surxondaryo vohasining eng qadimgi davrlaridan boshlab keyingi tarixiy bosqichlargacha bo‘lgan jarayonlarni izchil yoritadi. Ekskursiya matnlari taniqli tarixchi va arxeolog olimlar, o‘lkashunoslar hamda ilmiy manbalar asosida tayyorlangan bo‘lib, tashrifchilarga sodda va tushunarli tarzda yetkaziladi.Bugungi kunda muzeyda o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi audio hamda videomateriallardan foydalanilmoqda. Bu esa nafaqat mahalliy mehmonlar, balki xorijiy sayyohlar uchun ham qulaylik yaratmoqda.
Muzey xodimlari ekskursiya davomida nafaqat ekspozitsiyalar haqida ma’lumot beradi, balki Dalvarzintepa, Kampirtepa, Fayoztepa, Qoratepa, Zurmala va boshqa tarixiy obidalar haqida ham qiziqarli ma’lumotlar ulashib, sayyohlarga keyingi yo‘nalishlarni tavsiya etadi. Natijada muzey butun viloyat turizmi uchun muhim axborot markaziga aylanmoqda.
Bugungi kunda muzeylar oldida yangi vazifalar turibdi. Tashrifchilar sonini ko‘paytirish, yoshlarni muzeylarga jalb etish, xorijiy mehmonlar uchun zamonaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish mutaxassislardan doimiy o‘qish va izlanishni talab qiladi.
Shu bois muzeyshunoslik va ekskursiya faoliyati bo‘yicha mutaxassislarning malakasini muntazam oshirib borish, xalqaro tajribani o‘rganish, xorijiy tillarni puxta egallash hamda zamonaviy muzey pedagogikasi usullarini amaliyotga tatbiq etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Mutaxassislar fikricha, muzey faqat davlat byudjeti hisobiga yashaydigan muassasa bo‘lib qolmasligi kerak. Muzey do‘konlari, tematik ko‘rgazmalar, interfaol dasturlar, suvenirlar, ma’rifiy loyihalar va turistik xizmatlar orqali o‘z iqtisodiy salohiyatini ham oshirishi mumkin.
Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida muzeylar hududning eng kuchli turistik brendiga aylangan. Aynan muzeylar sayyohlarni jalb etadi, mahalliy iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shadi va hududning xalqaro nufuzini oshiradi.
Surxondaryo ham o‘zining ming yillik tarixiy merosi, qadimiy shahar xarobalari va betakror arxeologik yodgorliklari bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etayotgan maskanlardan biridir. Bu jarayonda Termiz arxeologiya muzeyining o‘rni alohida. Chunki aynan shu maskan vohaning tarixiy qiyofasini bir joyga jamlagan ilmiy-ma’rifiy markaz vazifasini bajaradi.
Muzeylar turistik klasterlar, mehmonxonalar, transport xizmatlari va sayyohlik tashkilotlari bilan yanada yaqin hamkorlik qilsa, Surxondaryo turizmining raqobatbardoshligi sezilarli darajada ortadi.
Zero, muzeyning eng katta boyligi uning devorlari ichidagi eksponatlar emas. Asosiy boylik — o‘sha tarixni qalbdan his qiladigan va uni boshqalarga ham his qildira oladigan bilimdon, fidoyi mutaxassislardir. Ana shunday insonlar tufayli muzeylar o‘tmishni saqlovchi maskandan kelajakni tarbiyalaydigan ma’naviyat maktabiga aylanadi.
Rayhon Nuraliyeva,
Termiz arxeologiya muzeyi “Harakatdagi ko‘rgazmalar” bo‘limi mudiri

