Mahallada duv-duv gap bo‘ladigan darajada chiroy ochayotgan go‘shalarga xos va mos bo‘lgan hashamatli hamda osmono‘par binolar, yashash xonadonlari va namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan yangi uy-joy massivlarini ko‘rib, insonning bahri dili ochiladi. Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari-yu shahar va qishloqlarda qad rostlayotgan massivlardagi o‘zgarishlar aholi turmush farovonligini oshirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va hududlar qiyofasini yanada obod etishga xizmat qilayotgani sir emas.
Biroq har qanday qurilishda eng muhim masalalardan biri – yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etishdir. Zero, binoning tashqi ko‘rinishi yoki zamonaviyligi emas, avvalo, unda yashaydigan va faoliyat yuritadigan insonlarning xavfsizligi ustuvor ahamiyatga ega.
Afsuski, ayrim hollarda qurilish ishlari davomida yong‘in xavfsizligi me’yorlari to‘liq holatlari inobatga olinmayotgani kuzatilmoqda. Xususan, binolarning bir-biriga haddan tashqari yaqin qurilishi, yong‘inga qarshi belgilangan oraliq masofalarning saqlanmasligi, isitish tizimlari va dudburonlarning noto‘g‘ri loyihalashtirilishi yoki o‘rnatilishi kelgusida jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday kamchiliklar yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda uning qisqa vaqt ichida qo‘shni binolarga tarqalishiga, yong‘in-qutqaruv texnikalarining hodisa joyiga bemalol kirib borishiga to‘sqinlik qiladi.
Ayniqsa, yakka tartibdagi uy-joylarda qo‘lbola isitish pechlari, me’yorlarga javob bermaydigan dudburonlar, havo tortish yo‘llarining yo‘qligi yoki nosoz elektr tarmoqlaridan foydalanish yong‘inlarning eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biridir. Bunday holatlar nafaqat mol-mulkka, balki insonlar hayoti va salomatligiga ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Shu bois viloyatimizda amalga oshirilayotgan yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan muntazam nazorat qilinmoqda. Viloyat, tuman va shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari xodimlari qurilish tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda obyektlarda profilaktik tadbirlar o‘tkazib, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Profilaktik tadbirlar davomida quruvchilarga qo‘lbola elektr isitish moslamalaridan foydalanmaslik, elektr tarmoqlaridagi saqlagichlar o‘rniga oddiy simlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiq olov bilan ishlashda barcha ehtiyot choralariga amal qilish, taqiqlangan joylarda tamaki chekmaslik hamda ish yakunida elektr jihozlarini tarmoqdan uzib ketish zarurligi haqida muntazam yo‘riqnomalar berilmoqda. Shuningdek, kislorod ballonlari, yonuvchi bo‘yoqlar, karbid va yog‘och materiallarini bir joyda saqlamaslik, qurilish maydonlariga begona shaxslar, ayniqsa bolalarning kirishiga yo‘l qo‘ymaslik, barcha obyektlarni birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlash ham muhim talablar qatoriga kiradi. Qurilish maydonlarida vaqtinchalik elektr tarmoqlari ham belgilangan texnik me’yorlarga muvofiq o‘rnatilishi lozim.
Yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish faqat quruvchi yoki loyiha tashkilotining emas, balki buyurtmachi, nazorat qiluvchi tashkilotlar va kelajakda ushbu binolardan foydalanadigan fuqarolarning ham umumiy mas’uliyatidir. Qurilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan bitta xato keyinchalik tuzatib bo‘lmas talafotlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu sababli har bir qurilish obyektida yong‘in xavfsizligi talablariga so‘zsiz rioya etish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va profilaktik choralarni kuchaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Zero, xavfsizlik talablariga amal qilingan holda bunyod etilgan bino nafaqat mustahkam va zamonaviy, balki inson hayoti uchun ishonchli va xavfsiz maskan bo‘ladi.
B.Usmonov,
viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Shaharsozlik sohasi profilaktikasi bo‘limi
katta inspektori,
kapitan

