Mavzu mavsumiy emasdi…

Date:

Kafkaning “Evrilish” asarini mutolaa etgan kishi borki, bir kechaning qudratini, o‘zgarishning hayratini bor vujudi bilan his etadi. Qahramonning taqdiridan farqli o‘laroq biz bugun murojaat etadigan mavzu qo‘rqinchli tushdan keyingi uyg‘onishdek rezonans
bergan mavzudir. Prezidentimizning madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvida ilgari surilgan yangi tashabbuslar mamlakatimiz ijodkorlari, san’at ahli va yosh iste’dodlari hayotida muhim voqea bo‘lganini aytib ado etib bo‘lmaydi. Tilda bor-u tilga olishga jur’at etilmagan mavzular yuzaga chiqib, yurt rahbarining e’tiboriga sazovor bo‘lganidan anglash mumkinki, keng ko‘lamli siyosat, doimiy kuzatuvlar islohotlar uchun asos bo‘layotir.
— Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra, har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” o‘tkaziladi. Unda yil davomida samarali faoliyat yuritgan ijodkorlar taqdirlanadi, — deydi shoir Bahriddin Rasul. — Musiqa, adabiyot, teatr va boshqa yo‘nalishlarda katta natijalarga erishgan ijodkorlarga har oy 5 million so‘mdan qalam haqi berilishi, transport va tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish imkoniyati yaratilishi belgilandi.
Bu hayajonli tashabbus, uning hissidan chekka-chekka tumandagi ijodkor ham surur tuyajak.
— Adabiyot va san’at vakillari uchun eng katta mukofot, albatta, xalq e’tirofi, — deydi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Dilnoz Mushfiq. — Ammo ijodkorning mehnati moddiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlansa, bu yangi asarlar yaratilishiga xizmat qiladi. Prezidentimizning ushbu tashabbusi ijodkorlarga bo‘lgan hurmat va e’tiborning amaliy ifodasidir. Ayniqsa, kitoblari keng tarqalgan, asarlari sahnalashtirilgan ijodkorlarni rag‘batlantirish yosh avlod uchun ham katta motivatsiya bo‘ladi.
Shoiraning she’rlaridagi harorat yanada ko‘tarinki, ayniqsa ushbu tashabbus-dan keyin bitilgan she’ridagi ushbu parcha hayajonga to‘la:
“Hayqirganda soylar shashti quloqlarga chalinar, Kuydirsa gar quyosh tafti yuragingiz kuyinar,
Ona xalqim bag‘ringizdan mehr ko‘rib suyinar”.
Dilnoz Mushfiqning bu hayajoni bejiz emas. Chunki, adabiyot sohasi vakillari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Shoir va yozuvchilarga yiliga kamida 50 ta eng sara asar uchun ijodiy buyurtma beriladi. Har yili o‘zbek adabiyotining 10 ta eng yaxshi asari xorijiy tillarga tarjima qilinib, mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o‘tkaziladi. Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarning qog‘oz bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.
Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar esa bu qiziqishni yanada kuchaytiradi. Ayniqsa, respublika tanlovlari g‘oliblariga 100 million so‘m, xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyat qozongan yosh iste’dodlarga esa 300 million so‘mgacha mukofot berilishi soha rivojida yuksalish bo‘ladi, iste’dodlarning o‘z o‘rnini san’at olamida topishlariga ko‘makdir. Eng muhim va uzoq kutilgan yangilik — yosh iste’dodlarning xorijiy tanlovlarda ishtirok etish xarajatlari ham davlat tomonidan qoplanadi.
— Hozirgi kunda iste’dodli bolalar juda ko‘p. Ularning ayrimlari xalqaro tanlovlarda qatnashishga tayyor bo‘lsa-da, moddiy imkoniyat yetishmasligi sababli chetda qolib ketmoqda, — deydi oliy toifali musiqa madaniyati fani o‘qituvchisi Aziza Tursunova. — Endilikda davlat bu masalani ham o‘z zimmasiga olayotgani quvonarli. Bu yoshlarning o‘z ustida ishlashiga, katta marralarni ko‘zlashiga turtki beradi. Mukofot pullarining miqdori ham yoshlarning mas’uliyatini oshiradi. Chunki har bir iste’dod ortida uzoq yillik mehnat va izlanish yotadi.
Yangi tizimda nafaqat yosh iste’dodlar, balki ularni tarbiyalagan ustozlar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Xalqaro va respublika tanlovlarida muvaffaqiyat qozongan yoshlarning murabbiylariga oylik maoshiga 100 foizgacha ustama to‘lanishi belgilandi.
— Har qanday yutuqning ortida ustozning mashaqqatli mehnati turadi. Ba’zan murabbiylar birgina shogirdning muvaffaqiyati uchun yillar davomida mehnat qiladi, — deydi Aziza Tursunova. Ustozlarning moddiy rag‘batlantirilishi esa ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu qaror ko‘plab pedagoglar uchun yaxshi yangilik bo‘ldi.
Prezidentimiz san’at va madaniyat yo‘nalishida faoliyat yuritib, ro‘zg‘origa baraka kiritayotgan asil iste’dodlarni moddiy hayot tashvishari bilan cheklanib qolmasligini istashini ta’kidlar ekan, konsert-tomosha, xususiy teatr, kinematografiya, bolalar kontenti faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar, madaniyat-san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma, yer, mulk va daromad soliqlaridan ozod qilinishini e’lon qilganidagi hissiyot shu sohadagi zahmatni totgan kishi uchun suvdek zarurat edi. Zotan, viloyatimizda ham bir qator xususiy teatr studiyalari, folklor jamoalari va san’at markazlari faoliyat yuritmoqda. Yangi imtiyozlarning ular uchun ham amal qilishi nodavlat madaniyat muassasalari rivojiga xizmat qiladi.
— Konsert-tomosha hamda xoreografiya yo‘nalishidagi orzularim biznes-reja ko‘rinishida qog‘ozda qolayotgan edi, — deydi xonanda Yulduz Baxtiyorova. — So‘nggi yillarda raqs ansambllari soni oshmoqda. Ammo moliyaviy imkoniyatlar har doim ham yetarli bo‘lavermaydi. Davlat tomonidan berilayotgan qo‘llab-quvvatlash yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi. Eng muhimi, sog‘lom ijodiy raqobat shakllanadi. Shu bois, Prezidentimiz bergan imkoniyatdan foydalanib, o‘z studiyamni tashkil etishni maqsad qildim.
Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan yana bir muhim yangilik — “Ijodga investitsiya” jamg‘armasining tashkil etilishidir. Mazkur jamg‘armaga har yili
200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu mavjud muammoning mavsumiy emasligiga ishoradir. Mazkur mablag‘ iqtidorli yoshlarni professional darajaga olib chiqish uchun tizimli qo‘llab-quvvatlashda ahamiyatli. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan yangi loyihalar, festivallar va mahorat maktablari tashkil etilishi mumkin. Bu esa madaniyat sohasining rivojlanishiga katta turtki beradi.
— Har yili yuz nafar yoshning davlat hisobidan xorijiy madaniyat va san’at oliygohlarida ta’lim olishi yo‘lga qo‘yilishi ham ko‘plab yoshlar uchun katta imkoniyatdir, — deydi Termiz ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘qituvchisi Otamurod Qilichev. — Dunyoning nufuzli san’at maktablarida tahsil olish ko‘plab yoshlarning orzusi. Endi bu orzu yanada yaqinlashmoqda. Men ham kelajakda xorijda malaka oshirib, o‘rgangan bilimlarimni yurtimiz rivoji uchun sarflashni istayman.
Ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham bir qator imtiyozlar belgilandi. Har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va san’at vakili, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.
— Ichki sezimlaringni qalamga olasan, o‘z diliga tutashganlar undan zavq tuyadilar — sen shoirsan, so‘zning qulisan, — deydi H.M. — Lekin shunday yurtda yasha-yapmizki, shoiriga qalamni mahkam tutishi uchun imkon berayotir, uydan xavotir qilmasin deyapti, tashvishga berilmasin deyapti. Ravshan Haqmurod aytganidek:
“Hozir o‘tirishmas chopishim kerak,
Kredit qarzlarni yopishim kerak,
Bolamning ko‘ziga tik qarash uchun,
Oyiga o‘n million topishim kerak”.
Bugun ko‘pchilik iste’dodlarning zimmasida shu majburiyat. Endi bu nola o‘zgaradi: “Oyiga o‘nta zo‘r she’r yozishim kerak”.
Viloyatimiz ijodkorlari va san’at ahli ham ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib, milliy madaniyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shish niyatida. Zero, ijodga qilingan investitsiya kelajak avlod ma’naviyatiga kiritilgan sarmoyadir.

Xurshid Karshiyev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mahalliy biznes rivoji – milliy iqtisodiyot tayanchi

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan...

Gaz “teshiklari” yopilmoqda

Tabiiy gaz bugungi kunda dunyoda eng muhim energiya manbalaridan...

Bugunning ehtiyoji, ertaning kafolati

Har qanday davlatning rivojlanishi uning energiya ta’minoti bilan bevosita...

4 292 marotaba reyd

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy...
KunTun
KunTun