Sho‘rchi tumanida qadimiy va umumxalq bayrami bo‘lgan Navro‘z keng nishonlanib, turli sayllar va xalqona tadbirlar tashkil etildi. “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida o‘tgan bayram tadbirlari tuman ahli va mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbir davomida tuman hokimi Akbarali Ishmurzoyev hamda mehmonlar bayram sayli uchun tashkil etilgan qo‘rg‘onlar bilan tanishib, milliy an’analar asosida bezatilgan maskanlarda namoyish etilgan urf-odatlar va taomlar bilan yaqindan tanishdi.
Bayramning konsert dasturi tuman hokimining samimiy tabrigi bilan boshlandi. Undan so‘ng O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’atkor Ziyodaning kuy-qo‘shiqlari tomoshabinlarga alohida zavq bag‘ishladi.
Sayl davomida milliy kuy-qo‘shiqlar, laparlar va yor-yorlar yangrab, xalqning qadimiy an’analari yana bir bor namoyon bo‘ldi. Arqon tortish, dorbozlik tomoshalari, milliy o‘yinlar hamda kurash bellashuvlari esa bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishlab, tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Navro‘z sayllari tumanda birlik, do‘stlik va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlab, barchaga unutilmas bayram kayfiyatini ulashdi.

