Til xalqning, millatning buyuk qadriyati, insonga in’om etilgan muqaddas xazinadir. Til ko‘p vazifali hodisa, u aloqa vositasi bo‘lishi bilan birgalikda insonni inson sifatida mavjudligini, ma’naviy-ma’rifiy olamini namoyon qiluvchi, keyingi avlodlarga yetkazuvchi vositadir. Inson ruhiy olami tilda o‘z ifodasini topadi.
Til o‘zgaruvchan hodisa bo‘lib, o‘ziga xos xususiyatlar asosida shakllanib, rivojlanib boradi va shu tilda mulo-
qot qiluvchilarning bar-cha nutqiy ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jamiyatdagi va tabiatdagi barcha narsalarning o‘zaro bog‘liqligining muayyan qonuniyatlari mavjud bo‘lgani kabi til taraqqi-yotining ham o‘ziga xos qonuniyatlari mavjud. Til taraqqiyotida zo‘rma-zo‘rakilik bo‘lmaydi. Til tarixidan ma’lumki, muayyan davrlarda tilga sun’iy ravishda ta’sir etish, yangi so‘zlar kiritish, so‘zlarining muqobil variantlarini yaratishga intilishlar ko‘p bo‘lgan. Biroq, me’yorlarga mos kelmaydigan bunday vositalarni til qabul qilmagan.
Til uchun nomuvofiq bo‘lgan g‘ayrilisoniy vositalarning tildan chiqib ketishini tilning o‘z qonuniyatlari ta’minlab beradi. Ana shu xususiyatiga ko‘ra nemis olimi Gumboldt tilni o‘sish-o‘zgarishda bo‘ladigan hodisa sifatida tavsiflaydi. Har bir davr til uchun turli imkoniyatlarni yaratib beradi. Tez o‘zgarib turuvchi sath birligi so‘zlardir. Tilda muayyan davrlarda ishlatilib turgan so‘zlar turli omillar tufayli tildan chiqib ketadi, yangi so‘zlar esa davr talabiga ko‘ra tilga kirib keladi.
Xalqimizning o‘z tiliga hurmat-e’tibor bilan qarashini tilga nisbatan ona tili nisbatini berilishi orqali anglash mumkin. Avvalo, tilimizga ona tili nisbati ila qadrlanishi xalqimizdagi madaniyat va ma’rifatning belgisidir. Zero, til madaniyat va ma’rifatning ko‘zgusidir. Ona tili har bir xalqning buyuk qadriyati shu xalq dunyosini namoyon etuvchi vosita ekan, uning sofligi, barqarorligi, obro‘si uchun kurashish xalqning barcha vakillarining burchidir. Tilning barqarorligi uchun kurashish, avvalo, shu tilga mehr-muhabbatli bo‘lish, shu tilda so‘zlashish, tilning imloviy va talaffuz me’yorlariga jiddiy e’tibor qaratish, til me’yorlari buzilgan holatlarga e’tiborli bo‘lish tilga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lganlarga qarshi bo‘lishlik bilan boshlanadi.
Sir emaski, keyingi yillarda tilga bo‘lgan e’tibor ancha susayib ketdi. Har kim o‘z
xohishi bo‘yicha til me’yorlariga, imlo qoidalariga amal qilmagan holda undan foydalandilar. Natijada, imloviy xatolar bilan to‘lib-toshgan yozishmalar, peshtaxta yozuvlari paydo bo‘la boshladi. Ekranlarda ajnabiy aktyorning shevada gapirib turganini ko‘rganda ajablanmaslik mumkin emas. Bu hol tilga bo‘lgan e’tiborsizlikmi, hurmatsizlikmi? Baholash qiyin!
Til me’yorlariga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘layotgan bunday nuqsonlar nafaqat til taraqqiyotiga ta’sir qiladi, balki xalqning ma’naviy olamini, savodxonlik darajasini belgilash omiliga aylanishi ham shubhasiz. Rus tilshunosi G.Vinokur nutq madaniyatiga jamiyat a’zolarini lingvistik tomondan tarbiyalash vositasi sifatida qaragan. Zero, har qanday tilning davlat tili sifatidagi nufuzi, avvalambor, nutqiy madaniylikning mavjudligi bilan belgilanadi.
Tilning xalqaro maydondagi nufuzi muayyan tilning jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishi va unga bo‘lgan qiziqish bilan belgilanadi. Bugungi kunda ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilining o‘qitilishi, xorijiy olimlarning o‘zbek adabiyoti, o‘zbek tili bo‘yicha tadqiqotlar olib borayotganligi o‘zbek tilining xalqaro nufuzi yuqori ekanligidan dalolatdir.
Tilning normativ vositalarini tanlanishi, me’yorlashtirish, zamonaviy talablarga mos keladigan darslik, qo‘llanmalar yaratish, davlat tili qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish va uni tuzatish ustida ish olib borish tilshunoslar zimmasidagi vazifalar bo‘lsa, tilning sofligi, uning madaniyligi, nufuzi uchun kurashish barcha til egalarining vazifasidir.
Bugungi kundagi til haqidagi davlat siyosati o‘zbek tili taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Tilni barcha jabhalarda rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Til ta’limini yanada rivojlantirish dolzarb masalaga aylandi. Shunday ekan, tilimizning ravnaqi uchun kurashish barcha madaniyatli kishilarning muqaddas burchidir.
Bekpo‘lat UMURQULOV,
TerDU professori, filologiya fanlari doktori

