Bugungi kun shiddat bilan o‘zgarib, globallashuv jarayonlari hayotimizning har bir jabhasiga chuqur kirib bormoqda. Axborot texnologiyalari asri bo‘lmish XXI asrda yosh avlod yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda, misli ko‘rilmagan ma’naviy-mafkuraviy tahdidlarga ham yuzma-yuz kelmoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekiston aholisining salmoqli qismini tashkil etuvchi yoshlar – mamlakatimiz kelajagi, uning taraqqiyoti va ravnaqining asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Shu bois, ularning tafakkurini to‘g‘ri shakllantirish, ongi va qalbini turli yot g‘oyalar, buzg‘unchi oqimlar ta’siridan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Afsuski, ayrim hollarda yoshlar tarbiyasiga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani kuzatilmoqda. Ba’zi ota-onalar farzand tarbiyasidek mas’uliyatli vazifaga yuzaki qarashadi.
Islom dini insonni ilm olishga, tafakkur qilishga, yaxshilik va ezgulikka undaydi. Sof islomiy aqida insonni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, uning ruhiyatini poklaydi, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Biroq, tarixdan ma’lumki, dinni niqob qilib, o‘z g‘arazli maqsadlariga erishishga uringan buzg‘unchi kuchlar doimo mavjud bo‘lgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham o‘z ummatlarini turli zalolatga yetaklovchi firqalar paydo bo‘lishidan ogohlantirganlar.
Bugungi kunda ham islom dinining asl mohiyatini buzib talqin qiluvchi, musulmonlar o‘rtasiga nizo solishga harakat qiluvchi hizb-ut tahrir, nurchilar, salafiylar kabi diniy ekstremistik va terrorchi oqimlar faoliyati kuzatilmoqda. Ularning asosiy maqsadi — yoshlarning hali to‘liq shakllanmagan ongini zaharlash, ularni o‘zlarining soxta g‘oyalariga ergashtirish orqali jamiyatda beqarorlikni keltirib chiqarishdir. Bu kuchlar yoshlarning diniy bilimlari sayozligidan, hayotiy tajribasi kamligidan ustalik bilan foydalanib, ularni ota-onasiga, o‘z yurtiga, an’anaviy qadriyatlariga qarshi qo‘yishga urinmoqda.
Buzg‘unchi oqimlarning eng xavfli nayranglaridan biri — yoshlarni qurolli to‘qnashuvlar bo‘layotgan hududlarga “hijrat” qilishga, “jihod” qilishga da’vat etishdir. Ular Islom dinidagi muqaddas tushunchalarni o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzishga harakat qiladi. Aslida esa, bu da’vatlar puch va islom ta’limotiga butunlay ziddir. “Hijrat” lug‘atda “ko‘chish”, “tark etish” ma’nolarini anglatsa-da, istilohda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) va sahobalarning Makkadan Madinaga dinni saqlash va yoyish maqsadida ko‘chishlariga nisbatan ishlatiladi. Islom ulamolarining yakdil fikriga ko‘ra, Makka fathidan so‘ng hijrat qilish hukmi to‘xtagan. Bu haqda sahih hadislarda aniq bayon qilingan.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q”, deganlar. Boshqa bir hadisda esa: “Haqiqiy muhojir – Alloh taolo qaytargan narsalardan qaytgan kishidir”, deyilgan. Ya’ni, bugungi kunda haqiqiy hijrat — gunohlardan, yomon illatlardan, buzg‘unchi g‘oyalardan qaytish, til va qo‘l bilan o‘zgalarga ozor bermaslikdir. Qolaversa, ota-onaning roziligisiz, ularni yig‘latib, tashlab ketish islomda qattiq qoralanadi. Bir kishi Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan jihodga izn so‘raganida, u zot: “Ota-onang tirikmi?” deb so‘raganlar. U “Ha” deb javob bergach, Rasululloh (s.a.v.): “Borib, ularning xizmatini qilib, roziligini olgin, shu sening jihodingdir”, deganlar. Demak, yoshlarni “hijrat”ga da’vat qilayotganlar islomning asosiy talablariga zid ish tutayotgan, adashgan kimsalardir. Ularning da’vatiga ergashish — halokatga yuz tutish demakdir.
Ilmsiz ravishda dinni da’vo qilganlar, Qur’on va Sunnatni o‘zlaricha talqin qilganlar nafaqat o‘zlari adashadi, balki o‘zgalarni ham yo‘ldan ozdiradi. Ular islomning bag‘rikenglik, mo‘tadillik, insonparvarlik tamoyillarini chetga surib, dinning faqat o‘zlariga ma’qul jihatlarini yoki noto‘g‘ri talqin qilingan hukmlarini targ‘ib qiladilar. Bu esa diniy aqidaparastlikka olib keladi.
Bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida diniy shiorlarni bayroq qilib olgan, aslida esa hokimiyatga intilish, boylik orttirish, geosiyosiy manfaatlarni ko‘zlash kabi maqsadlarga ega bo‘lgan turli inqilobiy harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarda yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmagan, g‘o‘r yoshlar ongli yoki ongsiz ravishda buzg‘unchi g‘oyalarga xizmat qilib qolmoqda. Bunda internet va ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siri ham katta rol o‘ynamoqda. Virtual olamdagi nazoratsiz axborot oqimi, turli zararli kontentlar, ekstremistik va axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi materiallar yoshlarning ruhiyatiga, tarbiyasiga, oilaviy munosabatlarga jiddiy ziyon yetkazmoqda. Albatta, internetning ijobiy jihatlari, ilm olish, dunyoni anglashdagi imkoniyatlari beqiyos. Biroq, undan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganmaslik, axborotni saralay olmaslik katta xatarlarga yo‘l ochadi. Ajdodlarimiz internet bo‘lmagan davrlarda ham buyuk ilmiy kashfiyotlar qilganliklarini, yuksak ma’naviyat sohiblari bo‘lganliklarini unutmaslik kerak.
Yoshlarning ongi va qalbida zamonaviy mafkuraviy tahdidlarga qarshi tura oladigan g‘oyaviy immunitetni shakllantirish zamon talabidir. Bu immunitet yoshlikdan sof islomiy e’tiqod, milliy qadriyatlar, ajdodlar merosi asosida beriladigan to‘g‘ri ta’lim-tarbiya orqali hosil bo‘ladi. Ma’naviyati yuksak, o‘zligini anglagan, tarixini bilgan, e’tiqodi mustahkam xalqni hech qanday tashqi kuch yenga olmaydi.
Yosh avlodni turli ma’naviy tahdidlardan himoya qilish, ularning qalbi va ongini sof tutish nafaqat davlat idoralari, balki har bir ota-ona, ustoz-murabbiy, mahalla-ko‘y va butun jamiyatning muqaddas burchidir.
Yoshlarda har qanday axborotni, ayniqsa, internet orqali tarqalayotgan xabarlarni tahlil qila olish, ularning manbasini, haqqoniyligini tekshirish malakasini hosil qilish kerak. Ularda botil fikrlarga ilmiy asoslangan raddiyalar bera olish qobiliyatini shakllantirish muhim.
Xulosa qilib aytganda, yoshlik — insonga berilgan bebaho ne’mat. Uning qadriga yetish, bu davrdan unumli foydalanib, ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni puxta egallash, ma’naviy-axloqiy salohiyatni yuksaltirish har bir yoshning burchidir. Ma’rifatparvar jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek, dunyoda yashash uchun dunyoviy fan va ilm zarurdir.
Farzandlarimizga doimo e’tiborli bo‘laylik, ularning qalbiga quloq solaylik, dardiga sherik bo‘laylik. Ularning nimalar bilan mashg‘ul bo‘layotgani, kimlar bilan do‘stlashayotgani, qanday axborotlarni o‘qiyotganini nazorat qilib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib boraylik. Eng muhimi, go‘zal tarbiya berish orqali muammolarga yechim topish mumkin.
F.Xudoynazarov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi