Ayol bir qo‘li bilan beshik tebratsa, ikkinchisi bilan dunyoni tebratadi… degan fikrlar bejiga aytilmagan. Nozik xilqat egasining matonati, qat’iyati uni har sohada muvaffaqiyatga erishishida, obro‘-e’tibor topishiga kuch beradi. Haqiqatan ham ayollar bugun har sohada ildam, ayol ona, ayol rahbar, ayol ishbilarmon-tadbirkor. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan tomonidan 7 yildirki, an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi Surxondaryo viloyatidagi 80 mingga yaqin ishbilarmon ayollarni qamrab oldi. Termiz shahridagi Savdo-sanoat palatasi hududiy bo‘limi binosida tashkil etilgan tanlovning bu yilgisi o‘zgacha shukuhda, o‘ziga xos tarzda tashkil etildi. Viloyatning shahar va tumanlaridan ishtirok etgan g‘oliblikka nomzodlarning har birining faoliyati tahsinga sazovor.
Tomoshaga kelgan borki, ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ko‘rgazmasidan bahramand bo‘ldi. Mahsulotlarning sifati munosib bahoni aytib turibdi.
Sho‘rchi tumanidan kelgan Gulsara Tangirova “Maftuna Sho‘rchi dizayn” MCHJ rahbari. U tumanda faoliyat yuritayotgan tikuv sexida 131 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan. Katta-yu kichikka kiyim-kechak, ko‘pra-yostiq, choyshablar tikib, mahalliy bozorga chiqarib kelmoqda. Aytish kerakki, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar arzon, talabgir va bozori chaqqonligi bilan ahamiyatli. Sexda faoliyat yuritayotgan chevarlar esa ustoz-shogird an’anasini davom ettirgan holda munosib izdoshlar ham tayyorlab kelishayotir.
26 yillik ish tajribaga ega ishbilarmon ayol Xadicha Rahimberdiyeva esa sho‘rchilik tadbirkorga munosib raqobatchi deyish munkin. X.Rahimberidyeva va uning qo‘l ostida mehnat qilayotgan ayollar ipak, jun va paxta tolasidan tayyorlangan janda matosi va olachadan turli milliy liboslar, joynamoz, sumkalarining ko‘rgazmasi bilan ishtirok etayotir. Ushbu mahsulotlarga xorijlik sayyohlarning-da katta qiziqish bildirib kelishi, ularning qiymatidan so‘zlagandek bo‘ladi. Qolaversa, bir necha bor respublikamizda o‘tkazilgan turli festivallarda ham ishtirok etib kelayotgan hunarmand ayolning ustunlik tomonlari talaygina.
Ha, ko‘rik-tanlov vohadagi ishbilarmon ayollarni bir yerga jam qila olgan. Ularning mehnati va erishganlari esa ko‘rgan ko‘zni quvontiradi. O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi Alisher Ro‘ziyev boshchiligidagi hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilarning ishlarini baholashdi. Baholash jarayonida tadbirkor ayollarning yaratgan ish o‘rni, mahsulotlarning sifati va talabgorligi, eksport salohiyatiga e’tibor qaratishdi.
Sho‘rchi tumani ishtirokchisi “Maftuna Sho‘rchi dizayn” MCHJ rahbari Gulsara Tangirova “Ishbilarmon ayol” deb topildi va tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni “Boysun Afruzbek” oilaviy korxonasi rahbari Xadicha Rahimberdiyeva, 3-o‘rinni esa sherobodlik yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand-gilamdo‘z Shohida Hasanova egalladi. 5 yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar ham tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho sovg‘alariga munosib ko‘rildi.
S.Normurodova