Oltinsoy tumanida chorvachilikni rivojlantirish, naslchilik yo‘nalishini kengaytirish va go‘sht mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Tuman hokimi Otabek Mavlyanov «Kamolbek Anorov» fermer xo‘jaligida bo‘lib, Mo‘g‘ulistondan keltirilgan 400 bosh qo‘yni parvarishlash hamda xo‘jalikda chorvachilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jarayonda qo‘ylarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish, to‘g‘ri oziqlantirish, veterinariya nazoratini ta’minlash va naslchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi.
Bunday tashabbuslar chorva mahsuldorligini oshirish, nasl sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholini sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Tuman hokimi soha vakillari bilan muloqotda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va boshlangan ishlarni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

