Oltinsoy tumanidagi 48-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilar o‘rtasida is gazidan zaharlanish, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik-targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda o‘quvchilarga kuz-qish mavsumida xavfsizlik qoidalariga rioya etish, gaz va elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, isitish moslamalarining xavfsizligi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Ayniqsa, o‘quvchilarga is gazining inson salomatligi va hayoti uchun xavfi, yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillar hamda favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligi hayotiy misollar orqali tushuntirildi.
Tadbir davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Bunday uchrashuvlar yosh avlodda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, ularni turli favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilishga o‘rgatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

