“Tashabbusli byudjet” loyihasi ko‘plab muammolarga munosib yechim bo‘ldi. Ta’lim muassasalari, mahalla guzarlar, sport majmualari va kutubxonalar moliyalashtirildi. Ko‘chalar obod, yo‘llarimiz ravon bo‘ldi.
Moliyalashtirilgan mablag‘lar to‘g‘ri yo‘naltirilyaptimi, ishlar sifatli amalga oshirilyaptimi — bu jihatlar ham e’tibordan chetda emas. Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov tegishli mutasaddilar bilan birgalikda Terakzor mahallasida “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida amalga oshirilayotgan ichki ariqlarni betonlashtirish ishlari jarayoni bilan tanishdi.
Ayni paytda mahalla hududidagi mavjud ariq va zovurlarni betonlashtirishga tayyorgarlik ishlari olib borilib, maxsus texnikalar yordamida ariqlarni qazish hamda tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha orqali sug‘orish tizimini yaxshilash, suv yo‘qotilishining oldini olish hamda aholi xonadonlari va ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash imkoniyatlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
O‘rganish davomida ishlarni sifatli tashkil etish va belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

