“Biz reklamaga muhtoj emasmiz…”

Date:

Diqqat, reklama… Bu so‘z qulog‘imizga chalinishi bilan kinoni o‘rtasidan bo‘lib qo‘yadigan mahsulotlar targ‘iboti ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Chanqoqbosti ichimliklarda: bazmda raqsga tushayotgan olomon, shirinlik yoki sariyog‘ mahsulotlarida: oshxonada kuymalanayotgan uy bekasi, xullas har bir mahsulotning o‘z tanlagan yo‘nalishida targ‘ibotini ko‘rishimiz mumkin. Bularning tez-tez takrorlanishi esa me’daga tegishi aniq. Ana shunday hollarda ba’zan oynai jahon orqali yoki reklama bannerlarida oq fonda “Biz reklamaga muhtoj emasmiz” degan yozuvni ko‘rib qolamiz. Yozuv ostida esa muallif brendning nomi ko‘rsatilgan bo‘ladi. Aslida bu ham reklama. E’tibor tortishning o‘ziga xos usuli deyish mumkin.

Ho‘sh, e’tiborimizga havola etiladigan barcha reklama roliklari-yu suratlari yurtimizda o‘rnatilgan tartib va tamoyillarga amal qilgan holda tayyorlanyaptimi? O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi esa reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. 2022-yilning 7-iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan ushbu Qonunda reklama to‘g‘risidagi barcha talablar, qonun-qoidalar batafsil kiritilgan.
Termiz shahar hokimligida tashkil etilgan tadbirda Qonunning mazmun-mohiyati, asosiy talablari hamda ahamiyati yuzasidan aholi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish masalalari o‘rtaga tashlandi.

Tadbirda, Surxondaryo viloyat hokimining maslahatchisi O.Sevarov hamda Surxondaryo viloyati Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasining Reklama faoliyatini tartibga solish bo‘limi boshlig‘i A. Xolmirzayev, shuningdek shahrimizdagi reklama faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ishtirok etdi.
— Tan olish kerak, atrofimizni, umuman bizni reklama o‘rab olgandek, — deydi viloyat hokimining maslahatchisi O.Sevarov. — Qayerga bormaylik, qayerga ko‘zimiz tushmasin, reklamadan bahramand bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi. Reklamalarning haddan ortiq ko‘pligi, betartib tayyorlanishi, sohani isloh qilishga, tartibga solishga zarurat tug‘diradi. “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi ana shunday mujmalliklarni bartaraf etadi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar ko‘cha-ko‘yda, tuman va shahar markazlarida ilingan reklama bannerlari, peshlavhalar haqida ham to‘xtalib, undagi xatoliklar, imlo qoidalariga amal qilinmagani, xorijiy tillardagi yozuvlarni qattiq tanqid ostiga olishdi. Bu bo‘yicha joylarda tushuntirish ishlari olib borilayotganiga qaramay hech qanday o‘zgarish bo‘lmayotganini ta’kidlashdi. Qonunda sanksiya qismi ham kiritilgan bo‘lib, endilikda topshiriqlarga sustkashlik, loqaydlik qilganlarga qonun doirasida javobgarlik va jarima choralari qo‘llaniladi.
Shuningdek, Qonunda reklamaga nisbatan umumiy va maxsus talablar ham belgilangan. Axborot mazmunining buzilishiga olib keladigan va chet el valyutasida narxlar (tariflar) ko‘rsatilgan xorijiy so‘z va iboralardan foydalanish taqiqlanadi.
Darsliklar va daftarlarda reklama bo‘lishi, milliy va oilaviy an’analarga zid obrazlardan, mashhurlar va tibbiyot xodimlari siymosidan foydalanish, tovar narxlarini valyutada ko‘rsatish taqiqlanadi. Qolaversa, reklamalarda yosh tasnifi ko‘rsatilishi ham shart etib belgilangan.

Sayyora ALLAYEVA
N.Muhibulloyev
(foto)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Talab va ehtiyoj qondiriladi

Dunyoda tabiiy oziq-ovqat mahsulotlariga talab va ehtiyoj ortib borayotganidan...

Endi «Halol» belgisi bilan…

O‘zbekistonda 2025-yilning 1-mayidan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti...

“Parranda boqish – daromad topish”dir

Yurtimizda “Parranda boqish – daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi....

Rasmiy saytlar gov.uz domeniga o‘tkaziladi

2025-yil 1-martdan barcha davlat organlari va tashkilotlari UzINFOCOM bilan...
KunTun
KunTun