Chorvachilik tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda parrandachilikning muqobil yo‘nalishlarini rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Qiziriq tumanida o‘rdakchilik va g‘ozchilikni yo‘lga qo‘yish orqali yangi ishlab chiqarish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tumanga tashrifi davomida Yetimqum mahallasida “Abbos-Diyor” MChJ tomonidan tashkil etilgan parrandachilik majmuasi faoliyati bilan tanishdi.
Xo‘jalikda o‘rdakchilik va g‘ozchilik yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, loyiha tumanning parrandachilik salohiyatini oshirish, aholini sifatli parhezbop go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash hamda bandlikni kengaytirishga qaratilgan.
Tashrif davomida loyihaning istiqbollari, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi. Viloyat rahbari tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berdi.

