“Men ham hunarmand-usta bo‘laman, momolarim ishini eplayman”

Date:

Gilam uyga zeb, issig‘-u sovuqdan asrovchi ashyo. Naqshlari va rangini uyingizning dizayniga moslab tanlayverasiz. Texnika va texnologiyalarning rivoji gilamsozlikda ham o‘z izini ko‘rsatdi. Ammo, qo‘l mehnatining qadriga va qiymatiga yetadigan xalqimiz qo‘lda to‘qilgan gilamlarni ustun qo‘yadi. Haqiqatan ham qo‘l ishi bo‘lgan gilamlar ekologik toza, sifati yuqori, tabiiy bo‘yoqlar bilan zeb berilgan naqshlar necha yil o‘tsa hamki o‘z jilosini yo‘qotmaydi. Sharq gilamdo‘zlik san’ati bu borada yetakchi. O‘z maktabiga ega. Denovlik O‘rozgul Abduraimovaning momolari gilamdo‘z o‘tgan. Ajib bezaklarning yaralishiga guvoh bo‘lgan o‘sha qizcha bugun 58 yoshda.

Yoshlar ish bilan band bo‘lishi uchun hunar o‘rganayotgan, tadbirkorlikning boshini tutayotgan bir paytda O‘rozgul opa tomoshabin bo‘lib turishni istamadi. “Men ham hunarmand-usta bo‘laman, momolarim ishini eplayman” dedi-da, nabiralari tengi qizlar bilan gilamdo‘zlik kursida o‘qidi. Bilganimdan bilmaganim ko‘p ekan deya, bilimlarini boyitdi, tajribasini oshirdi. To‘qish texnikasi borasidagi bilganlarini takrorlagan bo‘ldi.
Qisqa muddatda dastgohga o‘tirdi-da, qo‘li kelishib, to‘qishni boshladi. Olovdek tovlangan naqshlar bo‘y ko‘rsatganda gilamdo‘z opaning xursandchiligini tasavvur qilayotgandirsiz. So‘ng yoniga 3-4 ta emas, mahalladagi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiruvchi 10 nafar xotin-qizni o‘ziga ergashtirib, ularga-da gilam to‘qish sirlarini o‘rgata boshladi. Ayni paytda qo‘l ostidagi shogirdlari ham gilam to‘qishga usta bo‘lib qolgan.
Gilam dastgohga o‘tirib, kalavadagi iplarni tartib bilan joylashtiraversangiz, to‘qilib qolmaydi. To‘qish ham bir san’at. Sabr-toqat, matonat yo‘ldoshi bo‘lgan, o‘z ishiga mehri tushib, chin ko‘ngildan harakat qilganning ishi unadi. Naqshlari jiloli chiqib, bahor gullaridek gulgun yashnaydi.
O‘rozgul Abduraimova hunari ortidan daromad olishni rejalashtirgan. To‘g‘ri, mahalla-ko‘y, uzoq-yaqindan kelganlar opa va uning jamoasi to‘qigan gilamlarga xaridor bo‘lishayotir. Ammo, O‘rozgul opa gilamlarini eksport qilib, Surxon gilamlarini dunyoga tanitmoqchi. Sifat o‘zini oqlasa, gilamning bir metri 200-250 ming so‘mdan baholanar ekan. Har bir gilam hajmiga narxni urib, gilamlar bahosini hisoblayvering. O‘rozgul opa gilamlari qisqa fursatlarda o‘z brendiga ega mahsulot sifatida dong taratsa, ajab emas.

S.Allayeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

60 mahalla kompleks rivojlanadi

Aholining uzoq yillik orzusi bugun ushalayotir. Qaysi ma’nodaki, fuqarolarning...

Baxilning uyida…

Hikoya qilinishicha, bir kishi o‘zining baxil o‘rtog‘inikiga mehmonga bordi....

Yoshlarning qiziqishini oshirdi

Ishlayman, bir kasbning boshini tutaman degan yoshga munosib shart-sharoit...

G‘alla yig‘im-terimiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda

Dalalarda g‘alla baravj o‘sib, o‘rim-yig‘im mavsumi boshlanishidan darak berayotir....
KunTun
KunTun