Hududlarda mavjud infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanish, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirish aholi uchun qulaylik yaratish bilan birga, yangi ish o‘rinlarini ochishga ham xizmat qiladi. Muzrabot tumanida taqdim etilgan yangi loyiha ham ana shu maqsadlarga qaratilgan.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning tumandagi navbatdagi manzili Oriyat mahallasi bo‘ldi. Bu yerda 800 metr uzunlikdagi yopiq kollektor ustida zamonaviy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, do‘konlar hamda savdo majmuasini barpo etish loyihasi taqdimoti bilan tanishildi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida hududda savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar paydo bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Viloyat hokimi loyihani amalga oshirish ishlarini jadallashtirish, qurilish jarayonida sifat talablariga qat’iy rioya etish hamda zamonaviy va qulay majmua barpo etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

