Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Muzrabot tumanidagi navbatdagi manzili Duoba mahallasida yashovchi tadbirkor Zarifjon Shoxov xonadoni bo‘ldi. Bu yerda yo‘lga qo‘yilgan chorvachilik faoliyati bilan tanishildi. Ayni paytda xonadonda 11 bosh angus zotli qoramol hamda 300 bosh qo‘y parvarishlanmoqda.
Tadbirkor kelgusida 30 gektar yer maydonini ajratish orqali chorvachilik faoliyatini kengaytirish, qoramollar sonini 50 boshga, qo‘ylarni esa 500 boshga yetkazishni rejalashtirgan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida chorva mollari sonini ko‘paytirish, go‘sht yetishtirish hajmini oshirish va ichki bozor talabini qondirishga hissa qo‘shish ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimi loyihani amalga oshirish, tadbirkorning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

