Vatan sarhadlarini qo‘riqlash katta mas’uliyat, jismoniy chiniqish va doimiy hushyorlikni talab etadi. Harbiy xizmatchining har qanday vaziyatda tezkor harakat qilishi, bardoshli va jismonan baquvvat bo‘lishi esa muntazam mashg‘ulotlar orqali shakllanadi.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida shaxsiy tarkib ishtirokida navbatdagi jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ochiq havodagi sport maydonida o‘tgan mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilar badantarbiya, muvozanatni saqlash, oyoq-qo‘l mushaklarini chiniqtirish hamda yerdan qo‘l yordamida tana vaznini ko‘tarish kabi mashqlarni bajardilar.
Bunday mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning jismoniy chidamliligi va epchilligini oshirish, irodasini mustahkamlash bilan birga, jamoaviy hamjihatlikni kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Zero, yuksak jangovar shaylik, avvalo, muntazam tayyorgarlik va mustahkam intizomdan boshlanadi.
Islomjon Muxamadaliyev,
harbiy xizmatchi

