Yo‘l infratuzilmasini obodonlashtirish bilan birga, uning atrofida yashil hududlarni kengaytirish ham ekologik muhitni yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Sariosiyo tumanidagi xalqaro ahamiyatga ega M41 avtomobil yo‘li bo‘ylarida ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Tuman hokimi Odiljon Yaqubov “Yo‘lkokalam” DM tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ma’lum qilinishicha, hududda jami 4 150 tup katalpa, yapon saforasi va zarang (klyon) kabi manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
O‘rganish davomida ko‘chatlarni belgilangan sxema asosida ekish, ularning tutib ketishi va keyingi parvarishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullarga bu borada tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Zero, ko‘kalamzorlashtirish ishlarining samarasi ekilgan ko‘chatlar soni bilan emas, balki ularning unib-o‘sishi va yashil hududlarga aylanishi bilan belgilanadi.

