Atrof-muhitni asrash va ekologik madaniyatni yuksaltirish faqat targ‘ibot bilan cheklanmaydi. Bu borada yoshlarning bilimini oshirish bilan birga, ularni amaliy ishlarga jalb etish ham muhim.
Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i A. Isoqov ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida “Yoshlar bilan yashil kelajak sari” shiori ostida ekologik-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda yoshlarga atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish hamda ekologik qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Soha mutaxassislari ekologik huquqiy normalarga rioya etishning ahamiyatiga ham to‘xtaldilar.
Tadbirning amaliy qismi doirasida yoshlar ishtirokida “Ploging” ekologik aksiyasi o‘tkazilib, hududlar chiqindilardan tozalandi. Shuningdek, yangi nihollar ekilib, yashil hududlarni kengaytirishga hissa qo‘shildi.
Bunday tashabbuslar yoshlarda tabiatga daxldorlik hissini kuchaytirish, ekologik bilimlarni kundalik hayotdagi amaliy harakatlarga aylantirishga xizmat qiladi.

