O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ijodkorlarining “O‘zA kunlari” loyihasi doirasidagi Surxondaryoga ijodiy safari vohaning bugungi hayoti, odamlar turmushi va hududdagi o‘zgarishlarni yaqindan o‘rganish bilan davom etdi. Ikki kun davomida jurnalist va ijodkorlar ta’lim muassasalari hamda mehnat jamoalarida uchrashuvlar o‘tkazib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi natijalari haqida fikr almashdi. Safar davomida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy va turistik salohiyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Ijodiy guruh uchun Surxondaryoning turizm imkoniyatlari alohida qiziqish uyg‘otdi. Vohada ekologik, gastronomik, agro va tibbiy turizm yo‘nalishlari rivojlanib, Sangardak va Omonxona kabi tog‘li hududlarda yangi turistik maskanlar barpo etilmoqda. Sariosiyodagi Sangardak turizm markaziga tashrif esa safarning eng taassurotli manzillaridan biri bo‘ldi. Bu yerda zamonaviy turizm infratuzilmasi, jumladan, dor yo‘li, ziplayn, qayiq sayri, tog‘ halinchagi, dam olish uylari va ovqatlanish shoxobchalari ishga tushirilgan.
Prezidentning 2024-yil 16-dekabrdagi qaroriga muvofiq, Sangardak turizm qishlog‘ida 615 gektar maydonda yirik turizm markazi bunyod etilmoqda. Loyihaga 913 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Raqamlar ham bu hududga qiziqish ortayotganini ko‘rsatadi. Yoz oylarida Sangardakka kuniga o‘rtacha 5–7 ming sayyoh tashrif buyurgan. Kuzning salqin kunlarida ham turistlar oqimi 2–2,5 ming nafardan tushmayapti.
Ijodkorlar yetti qavatli, 200 o‘rinli “Sangardak” sanatoriysida ham bo‘lib, bu yerdagi davolash va sog‘lomlashtirish sharoitlari bilan tanishdi. Dam oluvchilar bilan suhbatlashib, tog‘ iqlimi va zamonaviy tibbiy xizmat uyg‘unlashgan maskandagi taassurotlarini tingladi. Safar davomida O‘zA ijodkorlari uchun vohaning yana bir jihati ayon bo‘ldi: Surxondaryoda turizm endi faqat tabiat manzaralarini tomosha qilish bilan cheklanmayapti. Tog‘lar bag‘ridagi yangi infratuzilma, xizmatlar va sayyohlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hududning turizm xaritasidagi o‘rnini kengaytirmoqda.
“O‘zA kunlari” doirasidagi uchrashuv va safarlar yakunida viloyatning bugungi qiyofasi, odamlar hayotidagi o‘zgarishlar va yangi imkoniyatlar haqida qator ijodiy materiallar tayyorlash uchun boy taassurotlar jamlandi.

