O‘zbekistonda tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimi yangilanadi. 2027–2028 o‘quv yilidan “Davolash ishi” yo‘nalishi negizida 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat yo‘nalishi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tizim “5+1” shaklida tashkil etiladi. Bunda talabalar besh yil davomida nazariy va amaliy bilimlarni egallab, bitiruvchi kursda bir o‘quv yili davomida to‘liq amaliyot o‘taydi.
Mazkur tartib 10 sentabr kuni qabul qilingan “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilangan. Yangi yo‘nalish bitiruvchilariga umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasi beriladi. Ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor sifatida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 2027–2028 o‘quv yilidan tibbiyot sohasidagi barcha bakalavriat yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalarining bir o‘quv yili davomida to‘liq amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi. Davlat buyurtmasi ham tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi kadrlar ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi. Bunda hududlar va tibbiyot tashkilotlarining hozirgi hamda istiqboldagi ehtiyoji, muayyan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligi hisobga olinadi.
Ayni paytda “Davolash ishi” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun esa o‘quv jarayoni yangi, moslashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi. Stomatologiya yo‘nalishida amaliy mashg‘ulotlarni kuchaytirish uchun tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari ham biriktirib beriladi.

