O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchini xorijga ketishi munosabati bilan ta’lim muassasasidan chiqarish xizmati to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi.
Endilikda o‘quvchining ota-onasi yoki vasiysi my.gov.uz portali orqali ariza topshirishi mumkin. Xizmat bepul bo‘lib, qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi — zarur ma’lumotlar idoralararo elektron tizimlardan avtomatik olinadi.
Yangi tartib maktab, akademik litsey, kollej va texnikum o‘quvchilariga tatbiq etiladi. Ariza tegishli tuman yoki shahar bolalar masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Komissiya qarori ta’lim muassasasiga kelib tushgach, o‘quvchi 1 ish kuni ichida elektron bazadan chiqariladi.
Mazkur xizmatning onlayn shaklga o‘tkazilishi ota-ona va vasiylar uchun ortiqcha hujjatbozlik va vaqt sarfini kamaytirib, jarayonni yanada qulay va shaffof tashkil etishga xizmat qiladi.

