Erta nikohning oldini olish va voyaga yetmaganlarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish maqsadida nikoh yoshini kamaytirish tartibini yanada aniq belgilash taklif etilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonovaning Senat majlisida ma’lum qilishicha, Oila kodeksining 15-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, Prezident Administratsiyasiga kiritilgan.
Unga ko‘ra, nikoh yoshini 18 yoshdan ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishga faqat ikki holatda — homiladorlik yoki bola tug‘ilganida ruxsat berilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, 18 yoshga to‘lmaganlar uchun nikohga onlayn ariza topshirishda avtomatik cheklov joriy etilib, faqat hokimning tegishli qaroridan so‘ng ariza berish imkoniyati yaratiladi.
Muhimi, erta nikohni targ‘ib qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, jumladan, birinchi marta sodir etilganda BHMning 10 baravari miqdorida jarima qo‘llash taklif etilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida xotin-qizlar faollari xabarlari asosida respublika bo‘yicha 348 ta erta nikohning oldi olingan.

