Jarqo‘rg‘on tumanida hududlarni kompleks rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tumanda bo‘lib, bunyodkorlik ishlari va yangi loyihalar bilan tanishmoqda. Jumladan, “Surxon sohili” mahallasidagi A.Navoiy va Shifokor ko‘chalarini kompleks rivojlantirish loyihasi taqdim etildi.
Loyiha doirasida 1,9 kilometr yo‘lni asfaltlash, 3,1 kilometr salomatlik yo‘lagi va lotoklar barpo etish, 112 dona tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish hamda hududni obodonlashtirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 450 kvadrat metr yer maydonini auksionga chiqarish orqali 60 ta yangi tadbirkorlik subyektini tashkil etish va 200 nafarga yaqin ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 35,510 milliard so‘m bo‘lgan loyiha mahalla qiyofasini yangilash bilan birga, tadbirkorlik va bandlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimi loyihalarni amalga oshirishda mablag‘lardan samarali foydalanish, ishlarning sifatli bajarilishi va belgilangan natijalarga erishish muhimligini ta’kidladi.

