Adliya vazirligi tomonidan raqobat sohasida tadbirkorlik subyektlarini baholashga qaratilgan yangi — “Xavfni tahlil etish” elektron tizimi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu tizim tadbirkorlik subyektlarida qonunbuzilish xavfini to‘liq avtomatlashtirilgan tartibda baholash imkonini beradi. Tahlil jarayonida davlat axborot tizimlari, statistika ma’lumotlari, murojaatlar, OAV va boshqa qonuniy manbalardan foydalaniladi.
Muhim jihati shundaki, tadbirkorlardan qo‘shimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar talab etilmaydi — tizim barcha ma’lumotlarni integratsiyalashgan holda mustaqil tahlil qiladi.
Natijaga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga ajratiladi. Past xavf toifasiga kirgan subyektlarda esa tekshiruvlar o‘tkazilmasligi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, aniqlangan xavf darajasi tadbirkorga nisbatan bevosita jazolovchi asos sifatida qo‘llanilmaydi, bu tizimning asosiy maqsadi esa profilaktika va shaffoflikni ta’minlashdan iborat.
Yangi elektron tizim biznes muhitida ortiqcha tekshiruvlarni kamaytirish, raqobat muhitini yaxshilash va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

