Tibbiyot va stomatologiya sohasida so‘nggi yillarda erishilayotgan yutuqlar inson salomatligini tiklashda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ayniqsa, yo‘qolgan tishlarni sun’iy emas, balki tabiiy ravishda qayta o‘stirish g‘oyasi ilm-fan olamida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Yaponiyaning Toregem BioPharma kompaniyasi insonlarda yangi tish o‘sishini rag‘batlantirishi mumkin bo‘lgan innovatsion preparatni klinik sinovdan o‘tkazmoqda. Mazkur dori organizmda tish rivojlanishini cheklab turuvchi USAG-1 oqsilini bloklash orqali faol bo‘lmagan tish kurtaklarini “uyg‘otishi” va yangi tishlarning o‘sishiga turtki berishi mumkin.
Dastlab tajribalar gen o‘zgartirilgan sichqonlarda o‘tkazilib, ularda qo‘shimcha tishlar paydo bo‘lgani kuzatilgan. Keyinchalik preparat boshqa hayvonlarda ham sinovdan o‘tkazilgan. 2024-yil oxiridan boshlab esa Kyoto University Hospital klinikasida insonlarda sinovlar boshlanib, kamida bitta tishi yo‘q 30 nafar bemor ishtirok etmoqda.
Mutaxassislar hozircha asosiy e’tiborni preparatning xavfsizligini baholashga qaratgan bo‘lib, keyingi bosqichlarda u tug‘ma tish yetishmovchiligi bo‘lgan bolalarda sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Agar natijalar ijobiy bo‘lsa, texnologiya 2030-yillarda keng amaliyotga joriy etilishi mumkin.
Ushbu innovatsiya kelajakda tish implantlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishi va karies yoki jarohat tufayli tish yo‘qotgan bemorlar uchun tabiiy tiklanish imkonini berishi bilan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar yangi tishlarning joylashuvi va ortodontik muammolar ehtimolini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerakligini ta’kidlamoqda.

