Termiz shahrida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari doirasida badiiy gimnastika va suzish bo‘yicha “Surxondaryo viloyati hokimi olimpiadasi”ning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yosh sportchilarni kashf etish, ularning iste’dodini qo‘llab-quvvatlash va yirik musobaqalarga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan bellashuvlar viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan iqtidorli o‘g‘il-qizlarni bir maydonga jamladi.
Suzish musobaqalari Termiz OPSTT markazida, badiiy gimnastika bahslari esa gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida o‘tkazildi. Ishtirokchilar yuqori mahorat, intizom va g‘alabaga bo‘lgan qat’iyatlarini namoyish etib, murosasiz bahslarda o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi natijalarni qayd etgan sportchilar diplom va medallar bilan taqdirlandi. Bellashuvlar esa yoshlar sportini rivojlantirish va kelajak chempionlarini saralashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi.

