Yozgi ta’til davrida bolalarning mazmunli dam olishi, sog‘lom hordiq chiqarishi hamda xavfsizligini ta’minlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Sariosiyo tumanidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida tayyorgarlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Tumandagi 360 o‘ringa mo‘ljallangan “Xonjiza” bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida bo‘lgan tuman hokimi Odiljon Yaqubov bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, yotoqxona, oshxona, yuvinish hamda tibbiy xonalarning sanitariya talablariga mosligi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, hududda olib borilayotgan obodonlashtirish va tozalash ishlari o‘rganilib, bolalar uchun qulay, xavfsiz va so‘lim muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullarga oromgoh hududini yanada obod qilish, yashil maydonlarni parvarishlash hamda namunali dam olish maskanini tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Ma’lumot uchun, Sariosiyo tumanida yozgi dam olish va sog‘lomlashtirish mavsumining birinchi bosqichi 10-iyun kunidan boshlanadi.

