Termiz davlat universitetida Jiangsu University delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlikni yangi strategik bosqichga olib chiqdi. Muzokaralarda Lingvistika (ingliz tili) yo‘nalishida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan 1+1 magistratura dasturi alohida e’tirof etildi.
Tomonlar endilikda qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirib, boshqa yo‘nalishlarda ham 1+1 magistratura hamda ikki diplom berishga asoslangan 2+2 bakalavriat tizimini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Bu esa talabalar uchun xalqaro standartdagi ta’lim olish, akademik almashinuv va global mehnat bozorida raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri — TerDU hududida Jiangsu University institutini tashkil etish tashabbusi bo‘ldi. Mazkur loyiha universitetni Xitoy ta’limi va ilmiy tadqiqotlari bo‘yicha mintaqaviy ilmiy-ma’rifiy markazga aylantirishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Jiangsu University QS xalqaro reytingida fanlar yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning Top-500 oliygohlari qatoridan o‘rin olgan. Tashrif yakunida tomonlar istiqbolli loyihalar yuzasidan kelishuvlarni imzolab, universitetning ilmiy laboratoriyalari va kampus infratuzilmasini yuqori baholadilar.

