Boysun tumanida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Boysun bahori” festivali bu yil ham yuqori saviyada davom etmoqda. Ushbu festival xalqimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyat va urf-odatlarini keng targʻib etish, ularni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishda muhim oʻrin tutmoqda. Tadbir davomida qadimiy anʼanalar, milliy liboslar, xalq oʻyinlari va hunarmandchilik namunalarining namoyishi barchada katta taassurot qoldirmoqda.
Festivalning eng eʼtiborli jihatlaridan biri — non saylining tashkil etilgani boʻldi. Ushbu saylda yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan ishtirokchilar oʻzlariga xos boʻlgan milliy non turlari bilan qatnashmoqda. Har bir non turi oʻzining tayyorlanish usuli, taʼmi va koʻrinishi bilan ajralib turib, mehmonlar va festival qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotmoqda.
Ayniqsa, Qiziriq tumani vakillarining faolligi alohida eʼtirofga loyiq. Ular 100 xil turdagi non mahsulotlari bilan ishtirok etib, nafaqat xilma-xillik, balki milliy nonchilik anʼanalarining boyligini ham namoyon etmoqda. Ushbu tashabbus festival mehmonlari tomonidan yuqori baholanib, Qiziriq tumanining milliy qadriyatlarga boʻlgan eʼtibori va hurmatini yaqqol koʻrsatmoqda.
“Boysun bahori” festivali nafaqat madaniy tadbir, balki xalqimizni birlashtiruvchi, oʻzlikni anglashga chorlovchi muhim maydon sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu kabi tadbirlar orqali milliy merosimiz yanada mustahkamlanib, dunyoga keng targʻib etilmoqda.

