Hayotdagi oddiy odatlar

Date:

Bugun insoniyat iste’moli ortib borayotgan bir paytda mavjud yerlarning unumdorligini saqlash, ularni tanazzuldan asrash global darajadagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismi yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarining atigi 11 foizni tashkil etishi bu masalaning naqadar jiddiy ekanini ko‘rsatadi.
Har yili 22-aprel kuni nishonla-nadigan Xalqaro Yer kuni esa ana shu muammolarga e’tiborni qaratish, insoniyatni mas’uliyatga chorlash maqsadida o‘tkaziladi. 1970-yilda amerikalik senator Geylord Nelson tashabbusi bilan boshlangan bu harakat bugunga kelib yuzlab mamlakatlarni qamrab oldi. Bu sana shunchaki bayram emas, balki ogohlantirishdir: agar bugun tabiatni asramasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin.
Hozirgi kunda ekologik muammolar tobora keskinlashmoqda. Iqlim o‘zgarishi, havoning ifloslanishi, suv tanqisligi, o‘rmonlarning qisqarishi va biologik xilma-xillikning kamayishi — bularning barchasi inson faoliyatining bevosita natijasidir. Eng xavotirlisi, bu muammolar endi faqat ekologlarning emas, balki har bir jamiyat a’zosi hayotiga ta’sir qilmoqda. Sog‘liq, iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligi — barchasi atrof-muhit holatiga chambarchas bog‘liq.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ekologiya masalasi endilikda faqat davlat yoki tashkilotlar zimmasidagi vazifa emas. Bu — umumjamiyat mas’uliyati. Har bir fuqaroning kundalik hayotdagi oddiy odatlari — suvni tejash, chiqindini kamaytirish, daraxt ekish yoki yashil hududlarni asrash — katta o‘zgarishlarning boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Mamlakatimizda ham bu borada muhim qadamlar tashlanmoqda. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining tashkil etilishi, “Yashil makon” tashabbusi doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari, Orolbo‘yi hududida amalga oshirilayotgan ekologik loyihalar — bularning barchasi tizimli yondashuv shakllanayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, ekologik ta’limni rivojlantirish orqali yoshlar ongida tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyatga ega.
Biroq amalga oshirilayotgan ishlar qanchalik muhim bo‘lmasin, jamiyatda ekologik madaniyat shakllanmas ekan, kutilgan natijaga erishish qiyin. Daraxt ekishdan ko‘ra uni asrash, shaharni tozalashdan ko‘ra uni iflos qilmaslik — asl masala aynan shu yondashuvda.
Yer — bizga berilgan yagona maskan. Uni asrash bugunning vazifasi emas, balki kelajak oldidagi burchdir. Har birimiz bu mas’uliyatni his qilsakkina, farzandlarimiz uchun sog‘lom va barqaror muhitni saqlab qolishimiz mumkin.

X.Karimov,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar
universiteti “O‘simliklar himoyasi, agrokimyo
va agrotuproqshunoslik” kafedrasi katta o‘qituvchisi, b.f.f.d (PhD)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Bola huquqlariga oid bilimlar mustahkamlandi

Denov tumanida profilaktika inspektorlari ishtirokida “Xalqaro standartlar va milliy...

Roziliksiz reklama SMSlari taqiqlanadi

2026-yil 1-noyabrdan boshlab fuqarolarga ularning roziligisiz reklama mazmunidagi SMS-xabarlar...

Tabiat himoyasi kuchaytirildi

Anomal issiq ob-havo sharoitida Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘ida...

Portal imkoniyatlari kengayadi

Prezident qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-oktyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari...
KunTun
KunTun